Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardobada arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etildi
12:21 / 2025-08-21

Sardoba tumanida Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etildi. Eng asosiysi, bu kabi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari viloyatning barcha hududlarida ham tashkil etilib, aholi dasturxonini to‘kin qilish, narx-navo barqarorligini ta’minlash va bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Yarmarkada mahalliy xo‘jaliklarda yetishtirilgan sarxil mevalar, poliz mahsulotlari, non, go‘sht, sut va tuxum kabi kundalik iste’mol tovarlari aholiga taklif etildi. Shu bilan birga, yirik importyorlar ishtirokida o‘simlik yog‘i va shakar ham arzon narxlarda sotildi.

Tadbirda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Abdulhay Xodjayev savdo jarayoni bilan tanishib, bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish hamda xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

– Bayramlar arafasida tashkil etilayotgan bunday yarmarkalar xalqimiz uchun katta qulaylik yaratadi, – deydi mehnat faxriysi Suyun Namozov. – Bu yerda mahsulotlar navli, sifatli va hamyonbop. Ayniqsa, yog‘i, shakar, go‘sht va sut kabi har kuni zarur tovarlarni arzon narxda olish imkoniyati har bir oila dasturxonini yanada to‘kin etadi.

Mazkur yarmarka Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga hamohang ravishda tashkil etilgan bo‘lib, yurtimizda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etishga, aholi kayfiyatini ko‘tarinki etishga xizmat qildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri