Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sardoba Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallaga aylanmoqda
20:45 / 2026-03-05

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining yashash sharoitini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar nafaqat yirik shaharlarda, balki chekka qishloq va mahallalarda ham zamonaviy muhit yaratishga xizmat qilmoqda. Ana shunday o‘zgarishlardan biri Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Sardoba mahallasi misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Bugungi kunda mahallada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu tashabbus mamlakatda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarning amaldagi ifodasi hisoblanadi.

Loyiha doirasida mahallada infratuzilmani tubdan yaxshilash, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bo‘sh yer maydonlarida mikrosanoat, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish, yo‘llarni ta’mirlash, tungi yoritish tizimlarini o‘rnatish, muhandislik kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa mahalla iqtisodiy faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

– Mahallamiz 1997-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 1682 ta xonadonda 6576 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Avaz Zokirov. – Ayni paytda mahallamizni Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi zamonaviy hudud sifatida kompleks rivojlantirish loyihasiga start berildi. Loyiha doirasida xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik ob’ektlari, zamonaviy talablarga javob beradigan oilaviy shifokorlik punkti, yangi ko‘rinishdagi maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilmoqda. Bu esa mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Jumladan, hududda xizmat va servis sohasini rivojlantirish maqsadida 14,2 milliard so‘mlik 19 ta, chorvachilik yo‘nalishida 20 milliard so‘mlik 9 ta loyiha amalga oshiriladi. 200 gektarlik anorzor bog‘ tashkil etiladi.

[gallery-28000]

Mahallada amalga oshiriladigan islohotlar natijasida 412 nafar aholi xonadonlarida doimiy daromad manbai yaratiladi va mahalla yil yakuniga qadar ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.  

Shuningdek, hududni zamonaviy “siti” uslubidagi shaharcha ko‘rinishiga keltirish rejalashtirilgan. Keng va ravon yo‘llar, zamonaviy arxitektura asosida barpo etilayotgan binolar hamda hududning har bir burchagidagi dizayn yechimlari mahallaga mutlaqo yangi qiyofa bag‘ishlamoqda. Bu kabi o‘zgarishlar qishloq hududlariga shahar muhitini olib kirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mahallada sanoatni rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 100 million dollarlik 2 ta loyiha doirasida 315 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Mahallada amalga oshirilayotgan yana bir muhim loyiha “Mebelchilik sanoat zonasi”ning tashkil etilishidir. Uning umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etib, bu yerda qiymati 61,2 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Bu esa mahalla aholisining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson manfaati turibdi. Har bir hududni obod qilish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish va iqtisodiy faollikni oshirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylangan. Sardoba mahallasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari ham aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, yaqin yillarda zamonaviy infratuzilmaga ega, aholisi farovon hayot kechiradigan va tadbirkorlik rivojlangan namunaviy hududlardan biriga aylanadi.  

A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari