"Obod qishloq" dasturi amalda
Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan Sardoba tumani “Birlik” mahallasiga press-tur tashkil etildi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida ta’mirlanayotgan turar-joy binolari, kommunikatsiya tarmoqlari, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
– O‘zgarishlarni ta’riflashga til ojiz, – deydi “Birlik” mahallasi oqsoqollaridan biri Odiljon Qodirov. – Uy va ko‘chalarimizning obodonlashtirilayotgani, ichimlik suvi keltirilganidan quvondik. Uzoq yillar davomida ichimlik suvi o‘rniga uch-to‘rt chaqirim uzoqdagi kanal suvini eshak aravalarda tashib, uni qaynatib-tindirib ichardik. To‘g‘ri, o‘n besh kilometr uzoqlikdagi tuman markazidan maxsus transportlarda ichimlik suvi keltirilardi, u ham yetganga yetar, yetmaganga yo‘q, pulli bo‘lgani uchun qiynalib qolgandik. 1 kubometr ichimlik suvi narxi 1250 so‘m etib belgilangan, vaholanki, avvallari maxsus transport vositalarida keltirilgan ana shuncha miqdordagi suvni aholi 15-20 ming so‘mga sotib olar edi.
– Prezidentimiz va hukumatimizdan minnatdormiz, – deydi uy bekasi G.Qurbonova. – Mana, suv keltirsa bo‘lar ekan-ku. O‘tgan bir necha o‘n yillar davomida ichimlik suviga zoriqib, ortiqcha kasalliklar orttirib o‘tganlar juda ko‘p bo‘ldi.
– Ichimlik suvi masalasida hududimiz tumanning eng og‘ir nuqtasi edi, – deydi “Birlik” mahallasi raisi Mamadali Ziyobov. – Hovlilardagi kranlardan suv chiqishi to‘xtaganiga 36 yil bo‘ldi. 2020 yildan boshlab sobiq 7-sovxoz qo‘rg‘oniga 11,8 kilometrlik suv quvurlari tortib kelindi. Endilikda qo‘rg‘onimizdagi 4269 nafar aholi yashayotgan bizning “Birlik” va 3422 nafar aholi yashayotgan “Ota yurt” mahallalari to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
– Tumanning ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 2016 yil boshida bor-yo‘g‘i 5 foizni tashkil etardi, – deydi Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov. – 2016 yildan bugungi kunga qadar 233,2 mlrd. so‘mlik mablag‘lar hisobidan 263,4 km masofada ichimlik suv quvurlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi o‘tgan besh yil davomida 66,4 foizga yetdi. Mavjud 15 ta mahallaning 10 tasi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi. Qolgan 5 ta mahallaning 2 tasida “Obod qishloq” dasturi bilan qurilish ishlari olib borilmoqda va yil yakuniga qadar ushbu mahallalar ham to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA