Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sardoba” toshqinidan zarar ko‘rganlarni ish bilan ta’minlanishi – hukumat e’tiborida
18:12 / 2021-01-24

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining topshirig‘iga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligida tashkil etilgan Respublika maxsus ishchi guruhi a’zolari suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari aholisi bilan 2 kun davomida sayyor uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu sayyor uchrashuvlarda “Sardoba” suv ombori toshqinidan zarar ko‘rgan aholi uchun barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda yashayotgan band bo‘lmagan fuqarolar, Respublika maxsus ishchi guruhi a’zolari, viloyatdagi qurilish tashkilotlari, tijorat banklari, tuman hokimlari va ularning mutasaddi o‘rinbosarlari, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan jalb qilingan 40 nafardan ortiq tadbirkor, hunarmand, ishbilarmonlar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hamda Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimovlar rahbarlik qildi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da tadbirkorlarga joy va imtiyozli kredit ajratish, ularga ishsiz fuqarolarni biriktirish, yo‘l-oldi infratuzilma ob’ektlarini qurish masalalarini hal qilish bo‘yicha ushbu uchrashuvda aniq chora-tadbirlar belgilab berilab olindi.

Ushbu sayyor uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalari xususida so‘zlab berishni Sirdaryo viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyevdan iltimos qildik.

– Hukumatimiz topshirig‘iga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbarligida tashkil etilgan Respublika maxsus ishchi guruhining asosiy maqsadi – viloyatimizdagi suv toshqinidan zarar ko‘rgan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlari aholisi uchun yangidan barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda yashovchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni ish o‘rinlari bilan ta’minlashdan iborat, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i, Respublika maxsus ishchi guruhi a’zosi Murodjon Muhammadiyev.

 – Bundan ko‘zlangan asosiy vazifalar – shu hududlardagi ishsiz aholi sonini aniqlab, ularni ishga joylashtirishda yangi ish o‘rinlari manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish, loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklarining kreditlari, susidiflar, yer uchastkasi va bo‘sh bino va inshoatlar bilan ta’minlash, muhandislik-komunikatsiya tarmoqlariga ulash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yaratilgan ish o‘rinlarini doimiyligini ta’minlashdan iborat etib beligilangan.

– Toshqindan zarar ko‘rgan fuqarolarning bandligini ta’minlash yuzasidan shu vaqtgacha ham qandaydir ishlar amalga oshirilganmi?

– Albatta, amalga oshirilgan. Jumladan, “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan mahallalardagi aniqlangan 4 ming 92 nafar ishsiz fuqaroning joriy yilning 1 yanvar holatiga 3 ming 150 nafari yoki  77 foizi bandligi ta’minlangan.  

Jumladan, aynan shu hududan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilgan subsidiyalar hisobiga 813 nafar, jamoat ishlariga 738, kasb-hunarga o‘qitishga 662, investitsiya loyhalarini ishga tushirish hisobiga 596, korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari hisobiga 215 va zaxiralangan (kvota) ish o‘rinlariga 126 nafar fuqarolar ishga joylashtirilgan.

– Bundan kelib chiqadiki, “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududa yashovchi band bo‘lmagan fuqarolar hozirda 23 foizini tashkil etar ekanda, shundaymi?  

– bugungi kunda esa ishga muhtoj bo‘lgan shu hududdagi 942 nafar yoki 23 foiz fuqarolar bandligini ta’minlash uchun manzilli dastur ishlab chiqilgan.  

Ishsizlar ro‘yxati shakllantirilgan paytda, toshqin sabab evokuatsiya qilingan fuqarolar to‘laligicha o‘z uylariga qaytib ko‘chib kelmaganliklari sababli, yuqorida ta’kidlaganimdek ishsizlar soni yana qayta hisoblanib, ro‘yxati qayta shakllantiriladi.  

– Imkoni bo‘lsa, fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan manzilli dastur haqida kengroq tushincha bersangiz.

– Bajonidil. Ushbu dasturga ko‘ra, birinchidan, 480 nafar ishsiz fuqarolar, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan jalb qilingan hunarmand, ishbilarmon va tadbirkorlarga biriktiriladi. Bu ayollarimiz atlas-adras va gilam to‘qish, milliy liboslar tikish, mebel jihozlari ishlab chiqarish, kulolchilik, pichoqchilik yo‘nalishlarida kasanachilik asosida ishlaydi.

Jalb qilinayotgan tadbirkorlarga Mirzaobod va Sardoba tumanlarida qurilgan ko‘p qavatli uy-joylar massivi yonida betonlangan maydonchalarda 3 ta “Mehnat guzari” tashkil etiladi.  

12x2 metr va 35x2,39 metr o‘lchamdagi 10 ta konteyner o‘rnatilib, mazkur “Mehnat guzarlari”da barcha sharoitlar yaratiladi va tadbirkorlarning faoliyat turiga moslashtiriladi.  Ushbu konteynerlar Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga tijorat banklari orqali imtiyozli kredit asosida tadbirkorlarga ajratib berilayotganini  shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish lozim.  

Ikkinchidan, 50 nafar ishsiz xotin-qizlar Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi”da usta-shogird an’anasi asosida atlas-adras to‘qish hunariga o‘rgatiladi. Bu ayollarimiz joriy yil yanvar oyining 3-dekadasida Marg‘ilon shahriga jo‘natilib, ularning yo‘l kira, ovqatlanish va yotoq xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan to‘lab beriladi.  

Joriy yilning fevral oyida Mirzaobod tumanida Marg‘ilon shahridagi “Matlubaxon adras-atlas matolari” korxonasining filiali ochiladi va o‘sha Marg‘ilonga yuborilib o‘qitib kelgan xotin-qizlar yangi tashkil etilgan shu korxonaga ishga jalb etiladi.  

Uchinchidan, 86 ta ko‘p qavatli uylarda yashayotgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga uylarining 16,5 ming kvadrat metr yerto‘la maydonlaridan bo‘sh joylar ajratilgan, bu joylarda 40 dan ortiq xizmat ko‘rsatish punktlari, jumladan, savdo shaxobchasi, dorixona, fitnes klub, kiyim va poyabzal ta’mirlash,  internet-kafe, maishiy texnikani ta’mirlash ustaxonasi, kasb-hunarga o‘qitish maskani va boshqa shu kabi sevis xizmatlari tashkil etiladi. Bu xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida 80 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi.  

Shu o‘rinda tadbirkorlarga ish boshlashlari uchun Bandlikka ko‘malashish jamg‘armasidan subsidiya ajaritilishini ham qo‘shib qo‘ygan bo‘lardim.  

To‘rtinchidan, ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda 4 ta kooperativ tashkil etilib, unda 250 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Jumladan, Mirzaobod tumanida baliqchilik yo‘nalishida “Murod Odil Abduraxmon baliqlari” hamda “Abdulaziz intensive fish” kooperativlari, Sardoba tumanida asalarichilik yo‘nalishida “Ota yurt ko`rki”, Oqoltin tumanida “Zar lochin parranda” kooperativlari faoliyatini boshlaydi.

Beshinchidan, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joriy yil yanvar – fevral oylarida ishga tushiriladigan 33 ta yangi loyihada – oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm, farmatsevtika, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida, xizmat ko‘rsatishda, issiqxona, bog‘dorchilik, parrandachilik yo‘nalishlarida 898 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Sardoba tumani “Yangiobod eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 32 ish o‘rniga mo‘ljallangan bodom yetishtirish plantatsiyasi tashkil etilib, bu yerda ishlab chiqarilgan jahon bozorida juda yuqori baholanadigan bodom mahsulotini yetishtirib, tozalab, qadoqlab, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltiradi.  

Oqoltin tumanida “APK Oqoltin” MCHJda 150 ish o‘rniga mo‘ljallangan yog‘ mahsulotlari, “Maks-charm” MCHJda 25 kishining ishlashi nazarda tutilgan tayyor charm mahsulotlari, Mirzaobod tumani “ONE DREAM SERVIS” MCHJda 20 ish o‘rniga ega mebel tayyorlash sexi, “SWEETNESS TRADE” MCHJda 20 ish o‘rniga mo‘ljallangan qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirning ikkinchi kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan kelgan hunarmand, ishbilarmon va tadbirkorlarga Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi bo‘sh bino va yer maydonlariga ekskursiyasi tashkil etildi. Unda tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imkolniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ishlash istagini bildirgan fuqarolar  bilan dildan suhbat qurildi.

A.QAYUMOV,

O‘zA muxbiri

F.TOSHMATOV,  

suratlar muallifi