Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sardoba” toshqinidan so‘ng cho‘l bag‘rida qayta tiklangan madaniyat maskani
19:43 / 2021-03-02

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Navbahor mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Sardoba” suv toshqinidan zarar ko‘rgan mahalla “Madaniyat uyi” tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkaziladigan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzayev boshchiligida barcha o‘rinbosarlar, tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar, mutasaddi tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, mehnat faxriylari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ishlab chiqarishda faollik ko‘rsatgan xotin-qizlar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston Qahramoni”, xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov nomi bilan ataluvchi “Madaniyat uyi”ning tantanali ochilish marosimi sumalak sayli bilan boshlandi. “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi ahil va inoq ko‘p millatli aholi tomonidan tayyorlangan eng mazali bahoriy taom – sumalak bilan tadbirga kelgan mehmonlarga izzat-ikrom ko‘rsatildi.

Ishtirokchilar bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Abdulla Oripov nomli “Madaniyat uyi” Bobomurod Shamsiddinov rahbarligidagi “NATIONAL CONSTRUCTION INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan mukammal ta’mirlanib, yuqori sifatdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Respublika Madaniyat vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi buyurtmasi asosida tubdan qayta rekonstruksiya qilingan ushbu inshootning umumiy maydoni 0,30 gektarni tashkil etgan holda ob’ektning loyiha qiymati 4 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi va bu mablag‘ning 50 foizi respublika Madaniyat vazirligi, qolgan qismi esa viloyat mahalliy byudjeti hisobiga to‘g‘ri keldi.

Shu o‘rinda, “Madaniyat uyi”dagi ta’mirlash ishlari jahon, Yevropa va Sharq andozalarining uyg‘unlashtirilgan usullari qo‘llangan holda amalga oshirilgan.

Binodagi mavjud 20 ta xona va tomosha zali elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va isitish tizimi bilan to‘liq ta’minlandi.

Ushbu madaniyat muassasasida fuqarolar kutubxona va ovoz yozish studiyasi xizmatlaridan ham bemalol foydalanish mumkin. Kutubxona viloyat va Mirzaobod tuman hokimligi tomonidan “Jahon va o‘zbek adabiyoti kutubxonasi durdonalari” asarlari bilan boyitildi.

[gallery-1357]

Madaniyat vazirligi tomonidan musiqa va cholg‘u asboblari, raqs liboslari bilan ta’minlangani muassasaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlagan bo‘lsa, qattiq va yumshoq mebel va boshqa zarur buyumlar bilan jihozlangani, bu yerda faoliyat yurituvchi va shug‘ullanuvchilar uchun qulaylikdir.

– To‘garak rahbarlari mahalla yoshlariga yangidan tashkil etilgan dutor, doira, gitara, hunarmandchilik, rassomlik, xoreografiya va raqs to‘garaklarida san’atning shu yo‘nalish sirlarini mehr bilan o‘rgatishni allaqachon boshlab yuborgan, – deydi Mirzaobod tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Rustam Namozbayev. – Hozircha bu muassasada yuqorida ta’kidlangan 7 ta yo‘nalishdagi to‘garakning har birida 15 nafardan o‘quvchi-yoshlarga yuqori malakali ustozlar amaliy va madaniy san’at sirlarini o‘rgatmoqda.

Qisqa fursatlarda, “Madaniyat uyi” mutaxassislari tomonidan shu hududdagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga chiqib, u yerda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilib, mashg‘ulotlar olib boriladi.

Darvoqe, inshootning hovli sahnida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, turli-tuman manzarali daraxt va rang-barang gul ko‘chatlari ekilib, qo‘li gul quruvchilar tomonidan o‘rnatilgan favvoralar esa bino ko‘rkiga yanada go‘zallik bag‘ishlab turibdi.

Tantanali marosim “Madaniyat uyi”ning tomosha zalida davom ettirildi.

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi kichik bir ko‘rinishini “Sardoba” toshqinidan so‘ng cho‘l bag‘rida butunlay yangidan qayta tiklangan ushbu muhtasham mahalla “Madaniyat uyi”da yaqqol ko‘rish mumkinligi qayd etildi. Quvonarlisi, bu muassasada mahalla fuqarolari, ayniqsa, yoshlar o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

“Madaniyat uyi”ni yangidan rekonstruksiya qilishda fidokorlik ko‘rsatgan “NATIONAL CONSTRUCTION INVEST” MCHJ quruvchi-muhandislariga namunali mehnatlari uchun minnatdorlik sifatida viloyat hokimligi tomonidan sovg‘alar topshirildi.

Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli va viloyatning iqtidorli san’atkorlari, “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini “Madaniyat uyi”ning yosh havaskor xonanda, sozanda va raqqosalarining badiiy chiqishlari barcha tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA