Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sardoba” toshqini oqibatlari qanday bartaraf etilmoqda?
17:58 / 2020-06-17

Bugungi kunga qadar 69 ming 796 nafar aholi oʻz yashash manzillariga qaytarilgan boʻlsa, qariyb 20 ming nafari koʻchirilgan hududlarda yashamoqda.


Holat yuzasidan eʼlon qilingan dastlabki maʼlumotlarni qayta oʻrgangan ishchi guruhlari bugungi kun holatiga talofat koʻrgan xonadonlar 4 710 ta, shundan 2 211 ta yaroqsiz va 2 499 tasi taʼmirtalab holatda ekanligini aniqladi. Bugungi kunga qadar 69 ming 796 nafar aholi oʻz yashash manzillariga qaytarilgan boʻlsa, qariyb 20 ming nafari koʻchirilgan hududlarda yashamoqda.

- Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aniqlangan qariyb ikki mingta taʼmirtalab uylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida taʼmirlash uchun taqsimlangan, - deydi Qurilish vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Jalol Arashev. - Taʼmirlanishi rejalashtirilgan uylarga 562 ta pudratchi tashkilot tanlanib, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Eng avvalo, shuni aytish kerakki, koʻp qavatli uy-joylar qurilishi boʻladimi yoki aholi xonadonlari taʼmiri boʻladimi quruvchilarga qoʻyilgan birinchi talab sifat, ikkinchisi muddat va uchinchisi aholi roziligiga erishish.

Pudrat tashkilotlari tom ishlarini deyarli tugallab, rom, deraza va eshiklar oʻrnatish, ichki va tashqi pardozlash, tashqi devorlarni taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda.

Shu kunlarda koʻp qavatli uy-joylarga yetkazilgan talafotlarni bartaraf etish borasidagi ishlar ham jadal bormoqda. Chora-tadbirlar rejasiga koʻra, kuz oylariga qadar koʻp qavatli uy-joylarni taʼmirlash va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.Xususan, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 36 ta koʻp qavatli uyni taʼmirlash boʻyicha loyihalar ekspertizadan oʻtkazildi.

Hozirgi hisob- kitoblarga koʻra, koʻp qavatli uy-joylarni taʼmirlash va ularga tutash hududlarini obodonlashtirish ishlari uchun sal kam yigirma milliard soʻm talab etiladi. Shuningdek, Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasi hududida suv toshqini natijasida yaroqsiz holatga kelgan qariyb 400 xonadonga ega 39 ta koʻp qavatli uy buzildi.

Yangi uy-joylar massivi qurilishi ham tezkorlik bilan olib borilmoqda. Hozirda suv toshqini oqibatida uy-joylariga jiddiy zarar yetgan fuqarolar uchun 52 gektardan koʻproq maydon tanlanib, 2 640 ta xonadonga ega 66 ta koʻp qavatli turarjoy binolarini qurilishi boshlab yuborilgan.

Uchta massivda koʻp qavatli uy-joylar qurilishida buyurtmachi Sirdaryo viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injenering kompaniyasi va pudratchilar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida 200 milliard soʻm moliyalashtirildi.

Qayd etish kerakki, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aholi xonadonlaridan tashqari 34 ijtimoiy soha obyekti qisman va toʻliq darajada talofat koʻrgan. Jumladan, oʻnga yaqin maktabgacha taʼlim, oʻndan ortiq umumtaʼlim maktabini mukammal taʼmirlash kerak. Shuningdek, Sardoba tumanining “Doʻstlik” mahallasida qurilayotgan yangi uy joylar massivida 660 oʻrinli umumtaʼlim maktabi va 275 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti binolari quriladi.