Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarchashma haqida siz bilmagan rivoyatlar (+video)
10:31 / 2025-06-06

Sayohat manzillari

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim tabiatli go‘sha – Sarchashma qishlog‘i va uning ajoyibu g‘aroyib tabiati, usta hunarmandlari, samimiy odamlariyu qadimiy an’analari haqida ko‘p hikoya qilganmiz. Sarchashma qishlog‘iga bu galgi sayohatimiz esa hududda Makedonskiy davrida ekilgan, qadimiy yong‘oq daraxti borligi haqidagi ma’lumotlar bo‘ldi. 

O‘zi shunday. Har safar bu kabi tog‘li qishloqlarga borganimizda yangidan yangi ma’lumotlarni eshitamiz va o‘sha manzillarni qaytadan kashf etamiz. 

Shahrisabz tumanida turizmni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar doirasida hududdagi Hisorak, G‘ilon, Sarchashma kabi tog‘li qishloqlarga eltuvchi yo‘llar anchagina obod qilinmoqda. Shu bois manzilimizga qiyinchiliklarsiz, yengil mashinada yetib bordik. 

Bizga mahalla xotin-qizlar faoli Kuchbeka Suyunova hamrohlik qildi. O‘sha qadimiy yong‘oqni izlab yo‘lga tushdik. Qishloqning tik nishabliklardan iborat toshloq yo‘lida mashinamiz chiqishga qiynalib qolgach, yayov yurishga to‘g‘ri keldi. Tobora yuqoriga qarab ko‘tarila boshladik. Uy-joylar tugab yonalarda barpo qilingan bog‘lar bizni qarshi oldi. 

Ha aytgancha, o‘sha qadimiy yong‘oq shu yerlik aholi o‘rtasida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan rivoyatlarga ko‘ra, Aleksandr Makedonskiy shu o‘lkalarga bostirib kelib, hukmronlik qilgan paytlarda ekilgan emish. Mashoyixlarning rivoyatlarida ham kichik haqiqatlar yotadi, degan aqidasiga tayangan holda o‘sha g‘aroyib yong‘oqni ko‘rish hissi bizni tobora u tomon chorlardi.

[gallery-23781]

Aslida Sarchashma qishlog‘ida haqiqatdan ham yong‘oq daraxtlari bisyor. Qaysi ko‘chadan o‘tmang, ulkan yong‘oq daraxtlarining qanoti ostidan yurishga to‘g‘ri keladi. Hatto ko‘chalarga quyosh nuri tegmaydi. 

Mo‘’jazgina dala hovli oldida to‘xtaymiz. U yerda bizni o‘zini Sherali Yuldoshev, deb tanishtirgan faxriy pedagog kutib oldi. Kundalardan o‘ziga xos did bilan yasalgan kursilarga o‘tirib bir pas dam oldik. Giyohlar qo‘shib damlangan darmon choydan ho‘pladik. Charchoqlar tarqaldi. Bu yog‘iga Sherali bobo yo‘l ko‘rsatib ketadigan bo‘ldi. 

Yo‘lda davom etarkanmiz Sherali bobodan Sarchashma qishlog‘ining paydo bo‘lish tarixiga oid g‘aroyib rivoyatlarni tingladik. 

– Qadim zamonlarda bir cho‘pon shu hududlarda qo‘ylarini o‘tlatib, o‘tov qurib faoliyat yuritgan – deydi Sherali Yuldoshev. – Kunlardan bir kun o‘tovga qo‘ylarni qaytarib kelsa, chalajon yotgan bir qizga ko‘zi tushadi. U og‘ir yarador edi. Cho‘pon uni o‘toviga olib davolaydi. Nihoyat qiz tuzaladi. Cho‘pon yigit o‘zbek, qiz esa tojik. Nohaq tuhmat qurboni bo‘lib, shu kuyga tushgan ekan. Bir-birining tiliga tushunmasada, ikki qalb bir-birini juda yaxshi anglaydi. Bora-bora ikkisi turmush qurib, bola chaqali bo‘lib ketibdi. Lekin birinchi uchrashgan joyini unutmabdi. Nihoyat shu joyga qaytib kelib, yangidan hayot boshlabdi va bu joyni “Dayibolo” ya’ni “Dexai navi bolo” (yuqori yangi qishloq) deb atashgan. Shu-shu bu yerda qishloq paydo bo‘lgan. Bu XVI asrlarga  aloqador gaplar. Men ham ota-bobolarimdan eshitganimni aytyapman. 

Sherali boboning aytishicha, Dayibolo Sarchashma qishlog‘ining qadimiy nomi keyinchalik qishloq kengayib, bir necha bor ommaviy ko‘chishlar va yana qaytib kelishlar natijasida nomi ham o‘zgarib ketgan. 

Yo‘lda davom etarkanmiz ulkan harsang toshlar ro‘paramizdan chiqdi. Shu yerlik aholi kattaligi uydek keladigan bu ikkita toshni Dayibolo toshi, Dayibolo darvozasi ham deb atashadi. Uning ostidan esa muzdek buloq suvi sizib chiqib turadi. Atrofi esa shifobaxsh giyohlarga boy. 

Nihoyat olisdan o‘sha g‘aroyib yong‘oq daraxti ko‘rindi. Oldiga yetib borish uchun anchagina mashaqqat chekishimizga to‘g‘ri keldi. Ulkan daraxtning soyasi ham ulkan bo‘ladi. O‘tirib biroz hordiq chiqardik. Ko‘rinishidan Makedonskiy davriga aloqador bo‘lmasada, har holda qadimiy ekanligi sezilib turibdi. Metr topib kelib enini o‘lchashga urindik. Naqd 8 metr. 

Sherali boboning aytishicha, bu yong‘oq daraxtini Makedonskiy emas, balki yuqorida hikoya qilib bergan cho‘pon ekkan va qishloqdagi qadimiy yong‘oq daraxtlaridan biri sanaladi. U qarovsiz qolib ketgan yillarda qurish arafasiga kelib qolgan. Ammo qayta parvarishdan keyin yana yangi novdalar chiqara boshlagan. 

Albatta har bir manzil makonlarning o‘ziga xos tarixi, shu joy bilan bog‘liq aholi orasida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hikmatu rivoyatlari bor. Xayolan qadimiy Dayibologa qilgan sayohatimiz ham mana shunday taassurotlarga boy bo‘ldi. 

Yong‘oq daraxti tanasidagi yoriqlar, yonib ketgan joylari qanchadan qancha sarguzashtlarni so‘zlab berayotgandek go‘yo. Muhabbatimiz ramzi bo‘lsin, deya ekilgan ko‘chatni ushlab turgan cho‘pon yigit bu haqda avlodlarga so‘zlab bersin, deb ostiga suv quyayotgan malohatli tojik qiz jilmaygancha bizga boqib turgandek bo‘ldi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XAT_x084rVM" title="Sarchashma haqida siz bilmagan rivoyatlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari