Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsoli
12:19 / 2023-11-18

18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Har kuni ertalab ishga ketayotib, shahar maydonlarining biriga baland qilib o‘rnatilgan, doim hilpirab turadigan davlatimiz ramzi – mahobatli bayrog‘imiz yonidan o‘taman. Har kuni uni birinchi bor ko‘rayotgandek yuragim hapqiradi, qalbimni g‘urur va hayajon egallaydi...

Aslida davlat ramzlarining barchasi aziz. Ammo Vatan bayrog‘ining ta’rifi o‘zgacha. Mustaqil mamlakatimiz timsoli, jahonning siyosiy-ijtimoiy xaritasidagi qiyofasini gavdalantiradigan bayrog‘imizni alohida e’tirof etging kelaveradi.  

Bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik va tinchlik ramzi bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asragan. Jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo‘liga o‘tib qolishi mag‘lubiyat bilan barobar bo‘lgan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bobokalonimiz Amir Temur saltanatida ham bayroq davlat va millat g‘ururi sanalgan. U eng sadoqatli bahodirlar, ishonchli sarkardalar tomonidan qo‘riqlangan. Dushmanlarga qarshi kurashlarda mardlik va jasorat ko‘rsatgan amiru sipohiylarga ehtirom ramzi sifatida maxsus tug‘ hadya qilingan. Jang paytida Sohibqiron qo‘shinlarida bayroqdor, bayroq ko‘targan askarlarning ulug‘lanishi uchun uning nomiga alamdor yoki alambardor taxallusi bilan qo‘shib aytilgan. Qo‘shinda birgina jangchi qolsa ham bayroqni ko‘tarib turishi shart hisoblangan. Bayroqni tushirish qo‘shinning ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, uning mag‘lubiyatini bildirgan.

Bizga tarixdan yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro voqeasi yaxshi tanish. U dushmanga bayroqni bermay, qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan. Yov uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib olgan.  

Bayroq har bir davlatning dunyoda o‘z o‘rni va mustaqilligining tan olingani ifodasidir.

Davlatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan biroz o‘tib, 1991 yil 18 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Qonunning 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”, deb belgilab qo‘yilgan.

Shundan buyon bayrog‘imiz xalqaro maydonda, rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon ko‘rgazmalari va sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda, mamlakatimiz timsoli sifatida baland ko‘tarilmoqda.

Bayrog‘imiz nafaqat davlat ramzi, shu bilan birga boy ma’naviyatimiz, madaniyatimiz ramzi hamdir. Qurolli Kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Davlatimiz bayrog‘i kuch-qudratimiz, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilayotir.

Dunyodagi barcha davlatlarda milliy bayroqqa nisbatan hurmatsizlik, ya’ni uni kamsitish davlatga qarshi jinoyat deb hisoblanadi hamda qonun yo‘li bilan jazolanadi.  

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga muvofiq fuqarolarimiz, shuningdek, O‘zbekistondagi boshqa shaxslar ham davlatimiz bayrog‘ini hurmat qilishlari shart.  

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘iga bo‘lgan hurmat xalqqa, Vatanga bo‘lgan ehtirom belgisidir.  

Bundan ikki yil avval o‘g‘lim institutning 1-bosqichida o‘qir edi. Respublika miqyosidagi tanlovda ishtirok etadigan bo‘lib, meni ham birga borishimni so‘radi. Shahar markazi tomon yo‘l oldik. Yo‘lda ketar ekanmiz, serqatnov va keng ko‘cha o‘rtasida, mashinalarning shamoliga u yoqdan bu yoqqa uchayotgan matoga ko‘zim tushdi. Sal yaqinlashib, uning bayroq ekanligini bildim. “Bayramga deb osilgan bo‘lsa kerak. Shamolga tushib ketgan bo‘lsa...", degan xayolimni o‘g‘limning: “Oyijon, to‘xtating, to‘xtating iltimos”, degan gapi bo‘ldi. O‘g‘lim ham yerda yotgan bayroqni ko‘rgan ekan. Mashinadan tushib, orqaga yugurib ketdi. Yerdan bayroqni olib, kelgunicha uning changini qoqdi. Mashinaga o‘tirgach, uni avaylab taxlab, g‘ilof cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Yuragimni g‘alati bir his chulg‘adi. O‘g‘limga qarab, mehrim tovlandi. Beixtiyor: “Barakalla, bolam, rahmat!” dedim... Oddiygina ko‘ringan bu holatda katta vatanparvarlik borligini ko‘rdim. Bayroqni qadrlagan farzand, albatta yurtini ham qadrlaydi, deb sevindim.  

Zero, Vatan bayrog‘ini asrash-avaylash, ko‘zga surtish, to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.

Bayroq bormi, demak, shu bayroq ortida millat, davlat bor, Vatan bor!  

Shu Vatanda hukm surayotgan tinchlik-obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, betimsol yutuqlar va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz hamisha qalbimizga tuganmas iftixor bag‘ishlab, muzaffar hilpirab turaversin.

 

Shoira Ermetova,  

Fuqarolik ishlari bo‘yicha  

Chirchiq tumanlararo sudining sudyasi