Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning qish faslida bo‘lib o‘tgan anomal sovuq natijasida qurib qolgan daraxt va buta ko‘chatlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning o‘rnini navnihollar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, joriy yilning qish fasli o‘tgan yillardagidan ko‘ra sovuqroq keldi. Harorat o‘lchagichlar shahar, shahar atrofi va tog‘li hududlarda 20 - 25 darajani ko‘rsatgan bo‘lsa, dasht va cho‘l hududlarida havo harorati 30-35 daraja sovuqqacha pasaydi. Bu o‘simlik va hayvonot dunyosining kun kechirishi, yashab ketishi, rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Hech shubhasiz bu sovuq havo ko‘p yillik daraxt va butalarga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxtlarning ildiz va tana qismi qattiq sovuq ta’sirida o‘sishdan to‘xtagan.
[gallery-12745]
Qishki anomal sovuq viloyat hududida ayniqsa, ninabargli daraxtlarga ko‘proq zarar yetkazgan. Jumladan, yaydoq dashtlik, ya’ni bepoyon cho‘l hududida joylashgani uchunmi, Mirzacho‘lda daraxtlar bilan sodir bo‘lgan ushbu tabiiy ofat nisbatan ko‘proq kuzatildi.
Mirzacho‘l tumani hokimining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tgan 2022 yil bahor-kuz mavsumlarida tuman hududlariga ekilgan daraxt va buta ko‘chatlaridan anomal sovuq natijasida quriganlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning o‘rnini to‘ldirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan, tuzilgan ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida tuman hududida jami 344 ming 800 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari anomal sovuq ta’sirida qurib qolganligi aniqlangan. Ayni paytda, ishchi guruh tomonidan anomal sovuq ta’sirida zararlanib qurib qolgan daraxt ko‘chatlarini “yashilmakon.yeco” elektron platformasi hisobidan chiqarish va ularning o‘rniga 5 donadan daraxt ko‘chatlarini ekish choralari ko‘rilmoqda.
Tuman markazi – Gagarin shahrining markaziy ko‘chalariga qurib qolgan daraxtlar o‘rniga ekilgan yosh nihollar allaqachon bo‘y ko‘rsatib qolgani tahsinga loyiq.
Shu o‘rinda tuman hududlariga ekilgan va ekilayotgan navnihollarni anomal issiqdan ham asrab qolish chora-tadbirlari ko‘rilayotganini ta’kidlash joiz.
Dono xalqimizning saratonda hamal olgan navnihol – qishning chillasidan omon chiqadi, degan naqliga amal qilayotgan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ushbu xayrli ishni boshqa hududlarda ham olib borilishini alohida nazorat qilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA