Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saraton kasalligiga qarshi kurashishda muhim qadam
14:36 / 2025-02-06

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab yoshlarning saratonga chalinish ehtimoli ko‘paymoqda va 2030 yilga kelib erta onkologiya holatlari yana 30 foizga oshishi kutilmoqda. Afsuski, 100 foizga o‘sma paydo bo‘lishi xavfini bartaraf etishga imkon beradigan aniq va tasdiqlangan strategiya mavjud emas. Ammo ushbu sohadagi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar kasallik xavfini sezilarli darajada oshiradigan omillarni aniqlashga yordam berdi.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi ilg‘or xorijiy tajriba va mutlaqo yangi yondashuvlar asosida transformatsiya qilinmoqda. 

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Saratonga qarshi kurashish milliy rejasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan “O‘zbekiston onkologik xizmat ko‘rsatishning yangi bosqichi sari: milliy rejaning boshlanishi” mavzusida tadbir tashkil etildi.  

Unda yurtimiz vakillari hamda JSST ekspertlari ishtirok etib, Saratonga qarshi kurashish milliy rejasini ishlab chiqish masalalari, bu boradagi xalqaro tajriba, rivojlangan davlatlarning yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi.  

Aytish lozimki, O‘zbekistonda saraton kasalligini erta aniqlash va samarali davolash choralarini ko‘rish soha vakillarining e’tibor markazida.  

Qayd etilishicha, 2030 yilga qadar 30–69 yoshdagi aholi orasida onkologik kasalliklarni profilaktik ko‘riklar orqali erta bosqichda aniqlab, 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichlarini 2 barobar oshirish, 1 yilgacha o‘lim darajasini 2 barobar kamaytirish, onkologik xastalikka chalingan bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish maqsad qilingan. 

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 2025–2030-yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish davlat dasturi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.  

Tadbirda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston saraton kasalligiga qarshi kurashishda muhim qadamlarni tashlamoqda. Bunga doir milliy reja esa erishilgan natijalarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘ladi.  

Asosiy maqsad kasallik profilaktikasi, uni erta aniqlash, davolash, reabilitatsiya qilish va palliativ yordamni o‘z vaqtida tashkil etish hamda onkologik patologiyalar registrini yuritish orqali aholi salomatligini asrash, xastalanish va o‘lim darajasini tushirish hamda bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga erishish.  

Xalqaro ekspertlar yurtimizda bu sohadagi yutuqlar va ehtiyojlarni baholab, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni barqaror amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.  

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA