Jahon miqyosida saraton kasalligi haqida xabardorlikni oshirish, xastalikning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash muammolariga e’tibor qaratish maqsadida 4 fevral “Xalqaro onkologiya kuni” deb belgilangan.
Mamlakatimizda ham ushbu xastalikning oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda joylarda uning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, mazkur muassasalar moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi.
Xususan, markazning Samarqand filiali hamda shahar va tumanlaridagi 18 ta onkoxona va 27 ta onkonazorat xonalari orqali viloyat aholisiga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.
– Keyingi yillarda tizimli ravishda aholining skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilishi va profilaktik ko‘riklar natijasida saraton oldi va saraton kasalligi erta bosqichlarda aniqlanmoqda, – deydi markazning Samarqand filiali bosh vrachi Firdavs O‘lmasov. – Masalan, 2024 yilda birlamchi aniqlangan 2311 nafar bemorning 378 nafari (16,5 foizi)da xastalik profilaktik ko‘rik chog‘ida topilgan bo‘lsa, o‘tgan yil 2138 nafar bemorning 390 nafari (18 foizi) profilaktik ko‘rikda aniqlandi. Albatta, kasallikni erta aniqlash ko‘rsatkichi yildan-yilga yaxshilanmoqda. Lekin xalqimizning tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlariga munosabatini o‘zgartirish orqaligina bu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lishimizni unutmasligimiz kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil filialda 43700 nafarga yaqin bemor davolandi. Xorijiy davlatlardagi nufuzli tibbiy muassasalari bilan hamkorlik hamda filial xodimlarining chet elda malaka oshirib kelishi natijasida 2025 yilning o‘zida 13 turdagi yuqori texnologiyali diagnostika usullari va 19 turdagi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish yo‘lga qo‘yildi. Umuman, keyingi to‘rt yilda bu yerda 6325 ta yuqori-texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Filial rahbarining qayd etishicha, joriy yilda muassasada yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj 3000 nafar bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish, jigar va bachadon xavfli o‘smalarida intervension radiologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy qilish, molekulyar-genetik laboratoriya tashkil etish hamda nur terapiyasi samaradorligini oshirish maqsadida “Chiziqli tezlatgich” nur apparatini o‘rnatish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri