Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saralangan urug‘ mo‘l hosil garovi
13:44 / 2022-02-08

Ayni kunlarda 2022 yil paxta hosili uchun paxta to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik chigit tayyorlashga ixtisoslashgan sexlar tomonidan sifatli urug‘lik chigit saralanmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan. Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan urug‘lik paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, urug‘lik paxta qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarda sara urug‘ olish maqsadida 292 marta nazorat tadbiri o‘tkazildi.

– Urug‘lik paxta xomashyosi g‘aramlarda kamida ikki oy tinim davrida sifatli saqlanib, paxta xomashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni urug‘lik tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalarga tashish, dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilishini tashkil qilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Asqar Mirzoyev. – Shu sababli urug‘lik chigit tayyorlash uchun mavjud paxta klasterlariga tegishli paxta tozalash korxonalarida urug‘lik paxtani tozalashga sozlash, mavjud ikkita urug‘lik chigit dorilash sexlarini mavsumga tayyorlash doimiy monitoring qilib borildi. Hozirgi kunda viloyatdagi paxta to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 1790 tonna urug‘lik paxta tozalanib saralandi. Uning 290 tonnasi tuksizlantirilgan bo‘lsa, 1 206 tonna urug‘lik chigit dorilandi.

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” Davlat unitar korxonasi mutaxassislari ishtirokida har ikki soatda OZ DSt 663:2017 davlat standarti talablari asosida urug‘lik chigitning qayta ishlanayotganligi, sifatli dorilanayotganligi tahlil qilib borilmoqda.

bugungi kunda Qiziltepa tumanida 795 tonna, Xatirchi tumanida 583 tonna urug‘lik chigit tayyorlangan bo‘lsa, “Navbahor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli zavod oldi paxta qabul qilish maskanida 1312 tonna sifatli urug‘lik paxta jamg‘arilishiga erishildi.

– bugungi kunga qadar tuman bo‘yicha 412 tonna urug‘lik chigit tozalanib saralangan bo‘lsa, 225 tonna urug‘lik chigit tuksizlantirilib, dorilandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Navbahor tuman bo‘limi katta inspektori Vohidjon Nodirboyev. – Hozirda 506 tonna R1 avlodli urug‘lik paxtaning 4-va 14- partiyalari O’zDst:663-2017 standart talablariga rioya qilgan holda qayta ishlanib, 264 tonna urug‘lik chigit saralash, tuksizlantirish va dorilash uchun Karmana tumanidagi “Zarafshon paxta servis” MCHJga qarashli dorilash sexiga jo‘natilgan.

Hozirda “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA