Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sara urug‘ yuqori hosil garovi
10:20 / 2020-11-21

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi markaziy apparati va uning viloyat boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari dastavval, “Uchqo‘rg‘on don mahsulotlari” aksionerlik jamiyatiga qarashli urug‘lik don qabul qilish shoxobchasida bo‘ldi. Bu yerda urug‘lik donni saqlash va tarqatish jarayonlari haqida mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Jurnalist va blogerlar urug‘lik donni qayta ishlash sexidagi xorijdan keltirilgan zamonaviy uskunalar imkoniyatlari bilan tanishdi.

Do‘kondan ro‘zg‘orimiz uchun zarur bo‘lgan unni xarid qilamiz. Ammo ushbu e’zozli mahsulotni qay jarayondan o‘tib, yetib kelishi haqida ko‘pchilik tasavvurga ega emas. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, kundalik turmushimizda ishlatiladigan 1 kilo unni tayyorlash uchun o‘rtacha 30 ming dona bug‘doy yanchiladi. Endi buni tonnalarga ko‘paytiradigan bo‘lsak, hisob-kitob qilish qiyin emas. Qolaversa, urug‘lik bug‘doyni tayyorlashdan to tayyor holga kelguniga qadar qanchadan qancha odamlarning zahmatli mehnati bor.

Darhaqiqat, kelgusi yil g‘alla hosili qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan ayni kunlarda amalga oshirilayotgan ishlarga bog‘liq. Urug‘lik donni qayta ishlashdan tortib, mineral o‘g‘itlar bilan ekish, o‘z vaqtida suvini berish kabi agorotexnik tadbirlarning belgilangan talablar asosida bajarilishi mo‘l hosil uchun puxta zamin yaratadi.

2021 yil hosili uchun Namangan viloyatida 67 ming 750 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekiladi. Buning uchun 16 ming 937 tonna urug‘lik jamg‘arilib, “Uchqo‘rg‘ondonmahsulot” va “Namangandonmahsulot” korxonalarini urug‘lik tayyorlash sexlarida saralash, dorilash jarayonlari amalga oshirilib, maxsus qoplarga joylanib qadoqlangan holda viloyat bo‘yicha 13 urug‘lik tarqatish shoxobchasi orqali g‘alla ekadigan 2 ming 68 fermer xo‘jaligiga yetkazib berildi. Urug‘lik saqlash jarayonlari agroinspeksiya xodimlari tomonidan qat’iy nazorat qilib borilmoqda.

Bunda har bir g‘alla ekiladigan maydonlarni ekishga tayyor bo‘lgandan so‘ng, maxsus sertifikat beradigan mutaxassislar tomonidan tarqatish, mineral o‘g‘itlar bilan ekishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2020 yil uchun rejadagi 67 ming 750 gektar maydonda kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishi to‘liq ta’minlanib, urug‘lik navlari 13 ming 806 gektar ochiq maydonlarga va 53 ming 944 gektari g‘o‘za qator oralariga joylandi.

Kelgusi yilda g‘alladan mo‘l hosil olinishini ta’minlash maqsadida viloyatning tuproq iqlimi sharoitidan kelib chiqqan holda hosildorligi yuqori bo‘lgan urug‘lik bug‘doy navlari tanlab olindi. Xususan, ertapishar navlardan 2 ming 15 gektar “Bobur”, 5 ming 764 gektar “Asr”, o‘rtapishar navlardan 8 ming 64 gektar “Pervitsa”, 6 ming 566 gektar “Davr” kabi yangi sinov navlari joylashtirildi. Shuningdek, ekish bilan birga xar bir gektarga o‘rtacha 129 kilodan 8 ming 772 tonna fosforli va har bir gektarga o‘rtacha 39 kilodan kaliyli mineral o‘g‘itlar berildi. bugungi kunda g‘alla maydonlarini birinchi sug‘orish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, 47 ming 891 gektariga ikkinchi suv berilmoqda.

Qayd etish joizki, Agroinspeksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda viloyatda 61 ming 338 gektar maydondagi g‘alla to‘liq undirib olindi. Xususan, unib chiqqan g‘alla maydonlarining 21 ming 391 gektar yoki 35 foizi bir ikki barg, 22 ming 693 gektari yoki 37 foizi uch to‘rt barg hamda 17 ming 254 gektar yoki 28 foizi tuplash fazasida rivojlanmoqda.

– Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan kunlik monitoring tadbirlari o‘tkazilib, jarayon davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha bir qator ta’sir choralari qo‘llanildi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i No‘’monjon Karimov. – Shu kunga qadar 1 ming 257 holatda ogohlantirish berildi. Tuman hokimliklari, qishloq xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi bo‘limlariga 49 taqdimnoma kiritildi. 752 holat yuzasidan ko‘rsatma berilgan bo‘lsa, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan 82 holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlik masalasi hal etildi.

Press-tur ishtirokchilari Uychi tumanidagi “Mashad sohibkori” fermer xo‘jaligida g‘alla parvarishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ko‘rishdi. Urug‘chilikka ixtisoslashgan mazkur xo‘jalikning 25 gektar maydoniga ekilgan g‘alla hozirda baravj rivojlanmoqda. Agroinspeksiya mutaxassislari va fermer bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar, fermerlarga yaratilgan imkoniyatlar, g‘alla parvarishlash agrotexnikasi, viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbat qurildi.

– Prezidentimizning har bir fermer xo‘jaligida daromadga erishish, sifatli urug‘ yetishtirish, g‘alla ekiladigan maydonlarga e’tibor qaratish haqidagi ko‘rsatmalari ishimizda ustuvor vazifaga aylanmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi ta’sischisi Tohirjon Ismatullayev. – Ayni shu nuqtai nazardan baraka urug‘ini sifatli ekilayotganligi, ozuqalarni o‘z vaqtida berilayotgani, texnikalardan unumli foydalanish natijasida sifatli g‘alla yetishtirilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, Mashrabjon Qosimov (surat), O‘zA.