English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sara urug‘ yetishtirish nazoratda
10:17 / 2022-06-01

Navoiy viloyatidagi 92 ta fermer xo‘jaligi 2 ming 850 gektar yer maydonida urug‘lik don yetishtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan urug‘lik ekilgan g‘alla maydonlarida sara urug‘ jamg‘arish maqsadida dala aprobatsiya ko‘riklari o‘tkazilmoqda. Maqsad, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik jihatidan tozaligi, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligi, ekishga mo‘ljallangan urug‘likning umumiy holatini aniqlashdan iborat. Shu bois mazkur jarayonga jiddiy yondashilib, aprobatsiyani sifatli va samarali o‘tkazishga e’tibor qaratilyapti.

– Aprobatsiya ko‘rigi davomida urug‘lik don ekkan barcha xo‘jalik rahbarlariga ogohlantirish xatlari berildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Asqar Mirzayev.

– Bundan tashqari, aprobatsiya ko‘rigida urug‘lik g‘alla maydonida begona nav va begona o‘t aralashishiga yo‘l qo‘ygan 7 nafar fermerga nisbatan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tuman sudlariga yuborilishi ta’minlandi. 

Ayni paytda Karmana tumanida 592, Qiziltepada 622,3, Navbahorda 585 va Xatirchi tumanida 1051 gektar maydonga urug‘lik don ekilgan. – 30 gektar maydonga urug‘lik donning “Asr”, “Super elita” navlaridan ekkanmiz, – deydi Xatirchi tumanidagi “Tursunov Kamoliddin” fermer xo‘jaligi raisi Behzod Umarov. – Agroinspeksiya tuman bo‘limi xodimlari g‘alla maydoniga begona nav, begona o‘t aralashtirmaslik, nav tozaligini saqlash bo‘yicha ogohlantirish xatlarini berdi. Hozircha har gektar maydondan 80 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab turibmiz.

Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarini aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazilganligi bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgani ham o‘rganilmoqda. 

A.Bo‘riyev, O‘zA