French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sara urug‘ –mo‘l hosil garovi
12:14 / 2024-02-20

Buxoro viloyati Vobkent tumanida paxta va bug‘doy urug‘chiligini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining “Vobkent elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJning elita urug‘chilik laboratoriyalaridan biri aynan hududda faoliyat yuritayotgan “Najim Toshobod” fermer xo‘jaligida tashkil qilingan.  

Bu yerda paxta momig‘idan chigitni ajratadigan 2 ta maxsus texnika vositasi ishlab turibdi. Ishchilar chigitni saralab, alohida hozirlab qo‘yilgan oq qoplarga solib, qadoqlamoqda.  

O‘tgan yilgi dehqonchilik mavsumida “Buxoro Agroklaster” MCHJ tomonidan Vobkent tumanida faoliyat yuritayotgan 329 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan tegishli shartnomaga muvofiq 9 ming 547 gektar maydonda “Buxoro-6” va “Buxoro-8” navli paxta ekib parvarishlandi. Shartnomaga ko‘ra, kech kuzga kelib tuman paxtakorlari barpo qilgan “oq oltin” xirmoni salmog‘i 39 ming 800 tonnadan oshirilgani qayta ishlash va to‘qimachilik tarmog‘i rivojiga, xo‘jaliklar moddiy manfaatdorligiga xizmat qilmoqda.  

Qishloq xo‘jaligiga innovatsion ishlanmalarni keng joriy etish maqsadida o‘tgan yilda jami 1189,6 gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilingani, paxta maydonlarining 1146 gektarida, g‘alla maydonlarining 43,6 gektarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullaridan keng foydalanilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Ayni kunda ham 1200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish, 160 gektar g‘alla maydonlariga yomg‘irlatib sug‘orish, 400 gektar paxta maydonida diskret usulida sug‘orish texnologiyasini joriy qilish harakati allaqachon boshlangan.  

“Najim Toshobod” fermer xo‘jaligida 70 gektar maydonni shu kunlarda mahalliy o‘g‘itga to‘yintirib, chilla suviga qondirib sug‘orish ishlari jadal bormoqda. Urug‘ tayyorlashga esa alohida e’tibor qaratilgan. Ekishga qadar bu xo‘jalikning chigitni tuksizlantirish va dorilash laboratoriyasida 60 tonna miqdorida paxta chigiti urug‘lik sifatida tayyorlanib, viloyatdagi agroklasterlarga tarqatish choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda asosan urug‘lik olish uchun “Buxoro-8” va “Buxoro-102” navlaridan foydalanilmoqda. Negaki, bu navlar tolasi pishiq, serhosil va urug‘i ham mag‘zi bo‘liq hisoblanadi. Umuman, mazkur laboratoriyada nafaqat tumandagi, balki viloyatdagi fermer xo‘jaliklari uchun paxta va bug‘doy urug‘liklarini tayyorlashning puxta uslubi va mexanizmi shakllantirilgan. E’tiborli jihati, bu yerda endilikda g‘allaning “Starshina” va “Bobur” kabi sara navlari urug‘ligini tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri