Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi
18:41 / 2023-09-26

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olish birinchi navbatda sara va sifatli urug‘ tanlash, tayyorlashga bog‘liqdir.

2024 yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik donni va joriy yilgi paxta hosilini qabul qilish, sifatli saqlash va tarqatish jarayoni bilan tanishish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi mas’ullari bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumanidagi “Dafna ifori” MCHJ g‘allachilik klasteri urug‘chilik sexi va saqlash omborxonasida amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdik.  

[gallery-13736]

– Jamoamizda 140 nafar xodim mehnat qiladi. Urug‘lik don mahsulotlarini Turkiyaning “ORTAC” kompaniyasi texnologiyasi asosida tayyorlaymiz. Ushbu soatiga 10 tonna donni qayta ishlaydigan qurilmaning imkoniyatlaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda Hamroqul Nosirov nomidagi fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasining 60 gektar maydoniga ekilgan g‘allaning “Bezostaya-100” navidan gektariga 110 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olishga erishdik. Ilgari bu ko‘rsatkich 60-70 sentnerni tashkil qilardi. Bu, avvalo, sara urug‘ tanlanib, sifatli ishlov amalga oshirilgani tufayli deb o‘ylayman, – deydi “Dafna ifori” MCHJ klasteri bosh hosiloti Shokir Ibodullayev.  

– Joriy yilning o‘tgan davrida jami 420 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, shundan tekshirishlar soni 20 ta, monitoringlar soni 400 tani tashkil qildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Xayriddin Sultonov. – Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan 181 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha 149 ta yozma ko‘rsatma, 27 ta taqdimnoma va 4 ta ma’muriy jarima qo‘llanildi.  

– Viloyatimizda joriy qishloq xo‘jaligi yilda 7 ta paxta-to‘qimachilik klasteri va 3 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi tomonidan jami 9 ming 990 tonna, shundan 4 ming 650 tonna asosiy fond  va 5 ming 340 tonna zaxira fond uchun urug‘lik paxta xomashyosini jamg‘arish rejalashtirilgan. Jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosining 1 ming 560 tonnasini “Sulton”, 4 ming 300 tonnasini “S-8290” va boshqa istiqbolli navlar tashkil etib, shundan 44 tonnasi super elita avlodga, 580 tonnasi elita avlodga, 4 ming 945 tonnasi R-1 avlodga va 4 ming 425 tonnasi R-2 avlodga mansub, – deydi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akmal Abdullayev. –Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax industrial to‘qima” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasterida joriy yil hosilidan  urug‘lik paxta xomashyosi jamg‘arish va saqlash bo‘yicha belgilangan profilaktika tadbirlarining amalga oshirilish jarayonlari va mehnatkashlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Ushbu klasterda ham ishchi-xizmatchilarning unumli mehnat qilishi, o‘z vaqtida ovqatlanishi, ko‘ngildagidek dam olishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.  

– Bu yilgi hosildan “Jizzax industrial to‘qima” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasterida 1 ming 100 tonna asosiy fond va 1 ming 500 tonna zaxira fond uchun, jami 2 ming 600 tonna urug‘lik paxta xomashyosi jamg‘arilishi rejalashtirilgan, – deydi inspeksiyaning tayyorlov bo‘limi boshlig‘i Bektosh Ashurov. – Bugungi kungacha 1 ming 280 tonna yoki 48 foiz hosil nav va avlodlar bo‘yicha alohida jamg‘arilgan va sifatli saqlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.  

– Bugungi kunda barcha paxtachilik klasterlarida urug‘lik paxta xomashyosi seleksion navi va avlodlari bo‘yicha alohida-alohida g‘aramlarga jamg‘arilib, sifatli saqlanishini tashkil etish bo‘yicha ishlar belgilangan rejalar asosida amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sharof Rashidov tumani bo‘limi bosh mutaxassisi Boyjigit Turdimuratov.  

Tumanda kelgusi yil urug‘lik g‘alla va paxta yetishtirishga alohida e’tibor berilayotgani e’tiborga molik. Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim sanalgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – g‘alla va paxtadan mo‘l va sifatli hosil olishda sara urug‘ tayyorlash kelasi yil barakali xirmon ko‘tarishda katta zamindir.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari.