Poytaxtimizdagi "Yoshlar ijod saroyi"da O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi muassisligidagi nashr — “Saodat” jurnali tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan “Saodat" jurnalining 100 yilligi: bir asrlik ma’rifat bayrami” mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’rifiy anjumandan ko‘zlangan maqsad — o‘tgan bir asr davomida xotin-qizlar ma’naviyati, oila tarbiyasi, adabiyot va madaniyat ravnaqiga xizmat qilib kelayotgan “Saodat” jurnali faoliyatini keng jamoatchilikka yanada yaqinlashtirish, uning boy ijodiy merosi va tarixi orqali mutolaa madaniyatini rag‘batlantirish, yosh qalamkashlarni ilhomlantirish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ruhida ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyasini keng targ‘ib qilishdan iboratdir.
Tantanali marosimda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova “Saodat” jurnalining ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil so‘zladi. “Saodat”ning xalqimiz ma’naviyatiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etib, jurnalni “ko‘ngillarimizga ma’rifat, adabiyot va tarbiya ulashgan nashr”, deya ta’rifladi.
Ta’kidlanganidek, jurnal bosib o‘tgan yo‘l — bir asrlik tarix, qadriyat va ma’rifatni mayoq bilgan, o‘nlab, yuzlab iste’dodlarni yetishtirgan adabiy minbar hamdir. “Saodat” ana shu yo‘lda momolarimiz, buvilarimiz, onalarimiz, opa-singillarimiz va qizlarimiz qalbiga kirib borgan, millionlab xonadonlarimizga ziyo ulashgan, tarbiya, adabiyot va ma’rifatni elga yetkazgan onaxon nashrdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, oila tinchligi va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotir.
Shu ma’noda, mamlakat taraqqiyotining muhim mezoni bo‘lgan — “ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalar bilan qurish” g‘oyasi “Saodat” jurnali faoliyatining ham ustuvor g‘oya va strategiyasiga aylangan.
O‘tgan yuz yillik ma’rifat yo‘li davomida “Saodat” ayollarimizning quvonchi va tashvishini, orzusi va intilishini, yurt hayotidagi dolzarb masalalarni o‘z sahifalarida aks ettirib, ko‘p sonli xotin-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida chinakam tayanch, rag‘bat va ishonch manbai bo‘la oldi. “Saodat” qanday davr va sharoitda nashr etilmasin, u hamisha, xotin-qizlarimiz ma’naviyati, adabiyoti, san’ati va turmush tarzi bilan bog‘liq eng dolzarb g‘oya va tashabbuslarni ilgari surib kelgan.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova va boshqalar bosma nashrlarning yashab qolishi oson bo‘lmagan bugungi globallashuv sharoitida “Saodat” jurnali faoliyati bardavom bo‘lishi uchun, eng avvalo, davlat tomonidan qator rag‘bat va imtiyozlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Jurnalni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, uning badiiy va ijtimoiy ta’sir jihatidan yanada yetuk bo‘lishi, yurtimizdagi oilalarga kengroq kirib borishi hamda mutolaa davralarini kengaytirish uchun amaliy choralar ko‘rilayotgani e’tiborga molikdir. Nashrning bir asrlik yubileyining katta tantana sifatida nishonlanayotgani, jurnalga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batlar ham Prezidentimizning, avvalo, xotin-qizlarga hamda “Saodat” jurnaliga bo‘lgan yuksak hurmatining yaqqol dalili ekani e’tirof etildi.
“Saodat”da uzoq yillar muharrirlik qilib, ijodiy maktab yaratgan nomi hamisha barhayot Zulfiyaxonim, ulug‘ shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan bog‘liq ijod maktablari qad rostlagani, ularning badiiy siymolari — haykallari yurtimizning diqqatga sazovor maydonlarida qad ko‘tarib turgani ham ushbu ulug‘ e’zoz va ehtiromning yorqin namunasi ekaniga alohida to‘xtaldi.
Yurtimiz xotin-qizlarining ommabop ijtimoiy-siyosiy, badiiy-bezakli jurnali “Saodat”ga 1925 yilda asos solingan. Turli yillarda turli nomlar bilan — 1925-1934 yillarda “Yangi yo‘l”, 1936-1950 yillarda “Yorqin turmush”, 1950-1965 yillarda “O‘zbekiston xotin-qizlari” nomlari bilan chop etilgan jurnal 1966 yildan buyon “Saodat” nomi bilan faoliyat yuritib kelmoqda. Ayrim davrlarda — 1934-1936 va 1941-1950 yillarda turli sabablar bilan nashr faoliyati to‘xtab qolgan.
“Saodat” qanday nom bilan yashab, qaysi davrlarda chop etilgan bo‘lmasin, barchasi ayol ijodkorlar uchun parvoz maydoni bo‘lib xizmat qildi. Jurnal bir asr davomida ayollar hayoti, quvonchu-tashvishlari, ijtimoiy-ma’naviy masalalarni yoritib, ma’rifat, adabiyot, tarbiyaga xizmat qilib kelayotgan qadrli manba sifatida e’tirof etildi.
Nashrga turli yillarda muharrirlik qilgan serqirra ijodkorlar – Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva, Fotima Niyozova, Iqbol Akbarxo‘jayeva, Oydin Sobirova, Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva va boshqalar millatimiz qizlariga namuna va ibrat bo‘la oladigan ijod namunalarini yaratdilar. 2018 yildan buyon jurnalga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Munavvara Usmonova rahbarlik qilib kelmoqda.
Mamlakatimiz ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy hayotini, quvonchu-tashvishlarini qariyb yuz yil davomida o‘z sahifalarida yoritib kelayotgan “Saodat” jurnali bir necha avlodga tarbiyachilik qildi. Ijodkorlarning siyohi qurimagan hikoya va she’rlari, jahon adabiyotining eng sara asarlari, ma’rifiy yuksalish, huquqiy, tibbiy, iqtisodiy savodxonlik, oilada sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiluvchi tahliliy maqolalar bilan “Saodat” o‘quvchilar qalbidan mustahkam joy oldi.
O‘tgan barcha davrlarda jurnal o‘zbek ayolining oilada nazokatli, sevimli, farzandlariga mehribon bo‘lishi, turmush mashaqqatlarini yengib o‘tib, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topishiga ko‘makdosh bo‘ldi. Adabiyotga ko‘ngli oshufta yosh qalamkashlar ijodining rivojiga katta hissa qo‘shdi. Saida Zunnunova, Xosiyat Lutfullayeva, Ullibibi Otayeva kabi so‘zlari barhayot ustozlarning, bugun ham adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega Xosiyat Bobomurodova, Dilbar Haydarova, Hayotxon Ortiqboyeva kabi adibalarning qalamlari “Saodat” sahifalarida charxlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollar davlat boshqaruvi, ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik va sport sohalarida faol va ta’sirli kuch sifatida tan olindi. Ushbu ulug‘vor islohotlar va ularning amaliy natijalari “Saodat” e’tiboridan chetda qolmay, jurnal sahifalarida izchil yoritib kelinmoqda.
Yangi O‘zbekiston “Saodat”ga yangi nafas, yangi mazmun va yangi mavzular olib kirdi. Jurnal sahifalarida “Tadbirkorlik — zamon talabi”, “Zamondoshlarimiz”, “Ayol va davr”, “Fanimiz fidoyilari”, “Mahalla hayotidan”, “Bugunning yoshlari”, “Dolzarb mavzu”, “Olisdagi yaqinlarimiz”, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz”, “Ibratli umr” kabi ruknlar ostida tahliliy, ma’rifiy, tanqidiy ruhdagi maqolalar muntazam berila boshladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan alohida ta’kidlanganidek, mamlakat ayollarining ovozi bo‘lgan “Saodat” jurnali yurtimiz bo‘ylab mahallalar, oilalar, o‘quv muassasalari va xonadonlarga kirib borib, tuman, shahar, qishloq va ovullarda ham mutolaa davralari kengayishiga sabab bo‘lmoqda.
Tahririyat jamoasini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida sana munosabati bilan esa 7 nafar ijodkor xotin-qiz “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, jurnalning 2 nafar xodimi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, 2 nafar xodimi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolikka qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi. “Saodat”ning xorij va yurtimizdagi do‘stlarining onlayn tabrigi ham namoyish etildi.
Tadbirda muhim sana munosabati bilan ma’naviyat va ma’rifatga bo‘lgan yuksak e’tibor ramzi sifatida jurnalga Prezident sovg‘asi — avtomobil topshirildi.
Ma’rifiy anjumanda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mamlakatimizdagi ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari, ijod ahli, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri