O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sanoat loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatalash ishlarini izchil davom ettirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, sanoat tarmoqlarida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish hamda investitsiya loyihalarini, shu jumladan, sanoat ipotekasi tizimi orqali moliyalashtirish uchun Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasida 185 million AQSH dollari miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘lari shakllantiriladi.
Farmon bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari mutanosibligini ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ochilgan kredit liniyalarini maqbullashtirish orqali 185 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni sanoat loyihalarini moliyalashtirish uchun 2026 yilda Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga qayta taqsimlashga ruxsat beriladi.
Mazkur moliyaviy resurslar doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 18 dekabrdagi "Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida"gi PQ-397-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi:
a) Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi hamda har chorakda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini muhokama qilib boradi;
b) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan sanoat tarmoqlari uchun ajratilgan kredit liniyalaridan samarali foydalanish holatini doimiy tahlil qilgan holda, zarur hollarda, ularni maqbullashtirish va maqbullashtirilgan mablag‘lar hisobidan Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi orqali loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib boradi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 maydagi "Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-72-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 iyuldagi "O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-102-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 iyuldagi "Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-104-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 yanvardagi "Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-13-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 fevraldagi "Xorazm viloyatida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-89-son qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritiladi.
O‘zA