English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar ko‘payadi
07:38 / 2025-04-20

Mamlakatimizda har bir sohani tubdan isloh etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, agrar tizimga yangi innovatsiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar tahsinga sazovor.

Prezidentimizning 2024 yil 30 sentyabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida yurtimizda so‘nggi ikki yil ichida 43,2 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo qilish belgilab berilgan.  

Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan qir-adirlik, iqtisodiy samarasiz va eskirgan bog‘lar o‘rnida zamonaviy loyihalarni ishlab chiqib, respublikaning bir qator viloyatlarida yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Masalan, Namangan viloyatining tog‘oldi hududlarida 202 sub’ekt tomonidan 3,4 ming gektar maydonda ekinzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Yaratilayotgan bog‘larda asosan Yevropadan keltirilgan, iqlim sharoitlariga moslashgan, hosildorligi yuqori bo‘lgan o‘rik, gilos, shaftoli singari mevali ko‘chatlar ekilmoqda. Yangi intensiv bog‘lar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi, bu esa suvdan foydalanish samaradorligini besh barobarga oshiradi. Ayni shu maqsadda yirik sig‘imga ega zamonaviy suv saqlash hovuzlari barpo etilmoqda.

Namangan viloyati Pop tumanidagi Sadoqat massivida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida press-turda tashkil etildi va tadbir qatnashchilari sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayevning ta’kidlashicha, yangi loyihadan ko‘zlangan maqsad aholini “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirishdan iborat. Bu orqali, mahsulotni qayta ishlash, eksport salohiyati oshirilishi barobarida aholi bandligi ham ta’minlanadi.  

Muayyan texnik shartlar asosida va masalaga ilmiy yondashgan, navlarni iqlimga mosini tanlagan holda yerlar fermer, dehqonlarga auksionsiz beriladi. Bu borada uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan, Yevropa mamlakatlaridan taklif qilingan o‘ndan ortiq xalqaro ekspertlar agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish va o‘simliklarni parvarishlash kabi boshqa masalalarda zarur yo‘l-yo‘riq hamda amaliy yordamga tayyor ekanligini alohida e’tirof etish joiz.  

Yangi bog‘larga faqat ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar yetishtirgan va muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan ko‘chatlar ekiladi. Ushbu xo‘jalik ko‘chatlarning ekilishi va agrotexnika tadbirlarini monitoring qiladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan shartlarda va muddatlarda yangi bog‘lar hamda issiqxonalarni yaratish uchun talabgorga yer uchastkasi bog‘ va tokzorlardan foydalanish huquqi bilan birga 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi.

Qayd etish o‘rinliki, yer uchastkasi ijaraga olingandan boshlab loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan sug‘orish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish ishlari ko‘pi bilan 14 oy muddatda to‘liq bajarilmaganda, yer uchastkasining ijara shartnomasi bekor qilinadi. Aksincha, reyting bo‘yicha ibrat namunasini ko‘rsatgan holda 30 ball to‘plagan bog‘bonlarga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

– Bundan besh yil ilgari deyarli cho‘lu dashtga monand ikki ming gektar maydonda shaftoli, gilos, na’matak, olma va o‘rik nihollarini ekdik. Qilingan mehnatlarimiz oradan ko‘p o‘tmay o‘z samarasini bera boshladi, – deydi “Nuran Agro Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Anvar Qodirov. – Ertapishar va hosildor hisoblangan mevalarning har bir tupidan o‘rtacha 50 kilogacha hosil olishimiz mumkin. O‘tgan yili chamalaganimizdan ham ko‘proq natijaga erishdik va mahsulotning 95 foizini Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreya singari o‘ndan ortiq davlatlarga eksport qilishga erishdik.

Bu bog‘lar respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport hajmini yanada oshirish, importni qisqartirish, arzon meva mahsulotlarini ichki bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Press-tur davomida jurnalist va ijtimoiy tarmoqlar faollarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob qaytarildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri