Jahon kimyo va neft-gaz sanoatida texnologiyalar tez sur’atda yangilanib, ekologik barqaror mahsulotlar ishlab chiqarishga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir vaqtda O‘zbekiston ham bu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kuchaytiryapti.
Mamlakatda ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatidan yaxshilash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va raqobatbardosh mahsulotlar hajmini oshirish sohadagi asosiy vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” AJ so‘nggi yillarda AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Poytaxtda o‘tkazilgan ikki kunlik seminar esa bu hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Energetika vazirligi va AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda kimyo va energetika sohasidagi yetakchi korxonalar, mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar doirasida ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologik yechimlar, jahon bozoridagi trendlar va sohaning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Dastlabki kun muhokamalari asosan O‘zbekistonda chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish imkoniyatlariga bag‘ishlandi. “O‘zbekneftgaz” AJ, “KMGPetroChem” va “Uzbekistan GTL” korxonalari mutaxassislari tomonidan LAB mahsulotini olishdagi texnologik bosqichlar, xomashyoni qayta ishlash jarayonining muhim jihatlari, hamda mahsulotning eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Mutaxassislar yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlarga bo‘lgan xalqaro talab va bozor imkoniyatlari haqida ham atroflicha fikr yuritdi.
Seminar ishtirokchilariga “Honeywell UOP” ishlab chiqqan ilg‘or dekarbonizatsiya texnologiyalari namoyish etildi. Bu texnologiyalar sanoat korxonalarida uglerod chiqindilarini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Kompaniya mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan innovatsion yechimlar mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishda katta amaliyotga ega bo‘lishi qayd etildi.
Seminarning ikkinchi kuni esa yuqori texnologiyalarni sanoatga joriy etishning iqtisodiy samarasi va ular orqali mahalliy mahsulot raqobatbardoshligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Taqdimotlar davomida MTO texnologiyasi metanoldan etilen, propilen va boshqa muhim kimyo mahsulotlarini olishning ustunliklari keng yoritildi. Katalizatorlar va adsorbentlardan foydalanishdagi ilg‘or tajribalar, mahsulot sifatiga ta’sir etuvchi omillar va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, olefinlar ishlab chiqarishda xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari, investitsion loyihalarning istiqbollari va mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan yangi tashabbuslar muhokama qilindi. Korxonalarning xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimini shakllantirishi uchun zarur bo‘lgan texnik va texnologik yechimlar ham taqdim etildi.
Tadbir yakunida “Honeywell UOP” mutaxassislari amaliy mashg‘ulotlar, texnologik jarayonlarning jonli namoyishlari va mutaxassislar uchun maxsus treninglar orqali o‘z ishlanmalarini batafsil tushuntirdi. Ta’kidlanganidek , ushbu seminar mahalliy sanoatda innovatsion yechimlarni keng joriy qilish, xalqaro tajriba almashinuvini kuchaytirish va kelgusi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA