English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoatda 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan
14:52 / 2023-10-20

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida sanoatning «drayver» sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish borasida qator ustuvor maqsad-vazifalar belgilangan. Ushbu yo‘nalishdagi maqsadlar “OʻzLiDeP PRESS KLUBI”ning navbatdagi sonida soha vakillari, deputatlar va olimlar ishtirokida qizg‘in muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenova sanoat sohasining huquqiy asoslari xususida to‘xtalib o‘tdi.    

—  “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida joriy yil yakuniga qadar “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 108 mingdan ortiq sanoat korxonalari mavjud. Ushbu sohadagi ishlarni rivojlantirish yalpi ichki mahsulot hajmining oshishiga xizmat qiladi. Strategiyada YAIMni 160 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha maqsadlar o‘rin olgan. Bunga erishishda, albatta, sanoatning o‘rni muhim.    

Biz deputatlar okruglardagi faoliyatimiz davomida sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishamiz. Ko‘p hollarda investitsiya jalb etilgan sanoat korxonalarida kadrlar yetishmasligi, mutaxassislar yo‘qligi muammosi mavjudligiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, joylardagi o‘rganishlarimiz davomida elektr energiyasidagi uzilishlar sanoat korxonalari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani kabi muammolarga duch kelyapmiz. Bugun sanoatni rivojlantirishda qanday muammolar bor, qonunchilikda qanday bo‘shliqlar mavjud — bu borada takliflar berilsa, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish ustida ish olib borishimizda qo‘l keladi.    

Strategiyada sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish va 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsadi belgilangan. Press-klubda soha vakillari ushbu maqsad doirasidagi ishlarni muhokama qildi.    

Soha vakillari qayd etganidek, sanoat sohasida yuqori daromadli ish o‘rni bo‘lishi uchun, avvalo, muqim ish o‘rni yaratish lozim. Bugungi kunda sanoat tarmoqlarida 2 millionga yaqin ish o‘rinlari mavjud. Kelgusida yana 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsadi qo‘yilmoqda. Bu borada muayyan ishlar rejalashtirilgan. Masalan, birgina keyingi yil elektromobillar ishlab chiqarish sohasining o‘zida 1000 ta ish o‘rni yaratiladi.    

Eng ko‘p ish o‘rni yaratilgan sohalar mahalliy korxonalar hisoblanadi. Birgina to‘qimachilik sohasida 750 mingdan ortiq ishchi ish bilan ta’minlangan.    

Tadbirda ta’kidlanganidek, Strategiyada belgilangan yirik korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va hududiy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘ygan korxonalarni faol rag‘batlantirish tizimini joriy qilish, har bir tumanda zamonaviy texnologik sanoat zonalarini tashkil etish kabi maqsadlar ijrosini ta’minlash muhim masalalardandir. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar qizg‘in muhokama qilindi.  

“OʻzLiDeP PRESS KLUBI” muhokamalari davomida sanoat sohasi mutasaddilari tomonidan sohani rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan qator takliflar o‘rtaga tashlandi, fikr-mulohazalar bildirildi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA