Sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi
O‘tkazilayotgan yig‘ilishda sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlash holati tahlil qilindi. O‘tgan yili bunga byudjetdan ajratilgan mablag‘ning 30 foizdan ziyodi infratuzilmaga mas’ul korxonalar, ayniqsa, hududiy elektr tarmoqlari loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani hamda moliyalashtirishdagi kechikishlar oqibatida ishlatilmay qolgan.
Davlatimiz rahbari hududlardagi shu kabi kamchiliklarni aniq misollar bilan ko‘rsatib, infratuzilma uchun mas’ul mutasaddilar va hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini qattiq ogohlantirdi.
Umuman, sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi. Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihalarni ishga tushirib, 40 mingta ish joyi yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.
O‘zA