Sanoat zonalari hududidagi yer uchastkalari uchun to‘lovni 24 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 noyabrdagi “Ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda sotib olish to‘lovlarini 24 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etildi. Bunga qadar 12 oy muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan edi.
Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida “e-auksion” elektron savdo platformasida erkin iqtisodiy zona, turistik rekreatsion zona, maxsus sanoat zona, kichik sanoat zona va yoshlar sanoat zonalaridagi yer uchastkalarini sotib olishda to‘lovlarni yigirma to‘rt oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilgan.
Ayni paytda 4,5 mingdan ortiq sanoat zonalaridagi yer uchastkalari e-auksion.uz saytiga savdoga chiqarilgan.
O‘zA