Nukusdagi “Oqqush” majmuasida Tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neft-kimyo sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, mebelsozlik, elektroenergiya va elektrotexnika mahsulotlari sanoatiga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Investitsiya forumi o‘tkazilmoqda.
Uning ochilish marosimida ta’qidlanganidek, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida yirik tarmoq korxonalar va kichik biznes sub’ektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Mazkur yarmarka tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neft-kimyo sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, mebelsozlik, elektroenergiya va elektrotexnika mahsulotlari va boshqa sanoat sohalarida tarmoq-hududiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarni yanada mustahkamlash bilan birga kichik biznes sub’ektlari uchun ham katta imkoniyatlar yaratib beradi.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish borasidagi bu kabi tadbirlar aynan davlatimiz rahbarining tashabbuslari asosida iqtisodiy o‘sishning eng muhim omillardan biri sifatida olib borilmoqda. Chunki mahalliylashtirish dasturi bilan uyg‘un kechayotgan sanoat kooperatsiyasi ichki imkoniyatlarni ishga solish, tezkor yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali ustuvor tarmoqlarning xalqaro va mintaqaviy hamkorlik doirasida ham har jihatdan o‘z ta’sir darajasini kuchaytirish kafolatidir.
[gallery-25779]
Bugungi hududiy sanoat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, respublikamiz viloyatlaridan tashrif buyurgan 200 taga yaqin sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar 600 ga yaqin mahsulot namunasi, o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan import o‘rnini bosuvchi tovarlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari hamda istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etishmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoatni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda importni optimallashtirish borasida bir qator ijobiy va samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda, respublikada 3 ming 900 dan ortiq sanoat korxonalari va 100 ga yaqin xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2023 yilda 17,8 trillion so‘mni, 2024 yilda esa 24,3 trillion so‘mni tashkil etib, 106,2 foizga o‘sish ta’minlandi. Joriy yil yakunida ishlab chiqarish hajmi 27 trillion so‘mga yetkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, hududiy sanoat korxonalarining joriy yildagi o‘sish sur’ati 65,9 foizni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2024 yil yakuni bilan 512,0 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 2025 yilga nisbatan 120 foizga oshiriladi. Joriy yil yakunida esa 38 turdagi mahsulot mahalliylashtirilishi hisobiga 700 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Yarmarka davomida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda tarmoq va hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan taqdimotlar, V2V uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan
Eng muhimi, ushbu yarmarkada sanoat tarmoqlari, kichik biznes sub’ektlari respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xomashyolarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Investitsiya forumi davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA