Andijon shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tarmoqlararo hududiy sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 27 fevraldagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmoni hamda 2019 yil 2 maydagi "Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan sanoat yarmarkasida avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 257 hududiy sanoat korxonasi o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Yarmarka ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Hamrayev va boshqalar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda hududiy korxonalarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini ko‘tarish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, hududiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, o‘tkazilayotgan sanoat yarmarkasi esa ana shu korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, ularning mahsulotlarini targ‘ib etishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.
Yarmarkada Andijon viloyatidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi ko‘plab korxonalar ishtirok etdi. Xususan, dori-darmonlar va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi “Makro Farm Andijon”, “Zamin Bio Health”, "GRAND PHARM TEX", “MALIKA LABORATORIES", "EPOCH FARMA", “Gold Crown Pharm”, “Epoch Parm” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “MAKON MIRZO" xususiy korxonasi singari ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga qiziqish katta bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Andijon viloyatida 37 farmatsevtika yo‘nalishidagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan 2022 yil davomida 215 turdagi 272 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 520 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Shuningdek, yarmarkada avtomobil sanoati sohasidagi ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ishtirok etib, o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
– Korxonamizda avtomobillar uchun 150 dan ortiq turdagi plastmassa va rezina butlovchi qismlar tayyorlanadi, – deydi “Uz-Metertech Co” korxonasi rahbari G‘ayratbek Akbarov. – Sifatli, barcha xalqaro standartlarga javob beruvchi mahsulotlarimiz asosan, “UzAvto Motors” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun yetkazib beriladi. O‘tkazilayotgan sanoat yarmarkasi nafaqat korxonamiz, balki ko‘plab ishlab chiqaruvchilarga yangi-yangi hamkorlar topish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoki ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Aytish kerakki, avtomobilsozlik sanoatida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yildan-yilga kengayib bormoqda. Shahrixon tumanidagi “SDK Group And” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday korxonalar sirasiga kiradi.
– Korxonamizda avtomobillar, traktorlar va sanoat uskunalari uchun 180 dan ziyod turdagi moy, havo va yoqilg‘i filtrlari ishlab chiqariladi, – deydi korxona bosh direktori Abdurashid Yunusov. – Sifat jihatdan xalqaro andozalarga to‘la mos keluvchi mahsulotlarimiz nafaqat respublikamizda sotilmoqda, balki Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya, Belorus singari qator davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
Yarmarkada "O‘zeltexsanoat" uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
– Yarmarkada uyushma tarkibiga kirgan “Andijonkabel” AJ, “Texnopark”, “Artelgroup” korxonalari, “Boiler Ingenering Compani” MCHJ, «ARTIKUL AZIYA KABEL» qo‘shma korxonasi singari ko‘plab ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz mahsulotlari namoyish etildi, – deydi "O‘zeltexsanoat" uyushmasining Mahalliylashtirish, kooperatsiyani kengaytirish va importni optimallashtirish bo‘limi boshlig‘i Komiljon G‘ofurov. – Ushbu korxonalarimiz tomonidan ilg‘or va innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan kabellar, maishiy texnika vositalari, quyosh panellari, sanoat qozonlari va boshqa mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xorij bozorlarida ham xaridorgir mahsulotlar qatoridan o‘rin olgan. Yarmarka ana shu mahsulotlar, ularning afzalliklarini keng jamoatchilikka yana bir bor namoyish etish imkonini berdi. Ishonamanki, ushbu mahsulotlarni xarid qilishga qiziquvchilar safi yanada kengayadi.
Yarmarka doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot xizmati tomonidan “Makro Farm Andijon” hamda “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari korxonalari hamda “Andijon Fharma Park” ilmiy va sinov laboratoriyasiga press-tur tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-turni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Andijon viloyatidagi farmatsevtika korxonalari tomonidan yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni keng jamoatchilikka tanishtirish, ularning faoliyati haqida tibbiyot muassasalari hamda tadbirkorlarga batafsil ma’lumotlar berish, – deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova. – Ushbu tadbir shubhasiz, tarmoqlararo hududiy sanoat yarmarkasi ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
2019 yilga qadar insulin dori vositasi yurtimizga asosan chetdan keltirilgan. “Zamin Bio Health” korxonasining ishga tushishi bilan ushbu dori vositasi importi hajmi kamaydi, valyuta tejalmoqda, qolaversa, dorining tannarxi pasaydi. Umumiy loyiha qiymati qariyb 28 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxonaga Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Xitoy, Hindiston davlatlaridan zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelib o‘rnatilgan. Bugungi kunga kelib, insulin dori vositasi sifatli, xalqaro standartlar talablari darajasida ishlab chiqarilmoqda.
– Korxonamiz yiliga uch xil turdagi 6 million flakon insulin ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rustamjon Haydarov. – Mahsulotimiz hozircha ichki bozorda sotilmoqda. Shu kunlarda xalqaro sifat sertifikatini olish harakatidamiz. Ushbu sertifikatni olganimizdan so‘ng xorijga eksport qilishni boshlaymiz. Hozirda qo‘shni Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa qator davlatlardan buyurtmalar kelmoqda. Ayni kunda korxonada 80 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
[gallery-12743]
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Andijon shahridagi “Makro Farm Andijon” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Andijon Fharma Park” ilmiy va sinov laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda “Makro Farm Andijon” MCHJ tasarrufidagi korxona tomonidan yiliga turli hajmdagi 180 ming dona bir martalik shpritslar, 20 ming dona bir martalik sistema va boshqa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada ayni kunda yuz nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
Yarmarkada Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatidan kelgan hunarmand va tadbirkorlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Andijondagi tarmoqlararo hududiy sanoat yarmarkasi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuhriddin UMRZOQOV (foto), O‘zA