Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat yarmarkasi: sifat va samaradorlik namoyishi
18:28 / 2023-09-14

Namanganda yengil sanoat, charm-poyabzal, oziq-ovqat, mebelsozlik, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati sohalari korxonalari ishtirokidagi “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” ish boshladi.

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkillashtirilgan mazkur yarmarkada respublikamizning 190 dan ortiq tarmoq va hududiy sanoat korxonasi, tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mahsulot hamda xizmat turlaridan iborat ko‘rgazmalari bilan ishtirok etmoqda.  

Yarmarkaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish, sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylandi.

Ushbu yarmarkada viloyatdagi 150 ta sanoat ishlab chiqarish korxonasi ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.

Yarmarkada sanoat mahsulotlari milliy brendlari hamda elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, avtomobilsozlik va farmatsevtika sohalari uchun mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mahsulotlarini ko‘rish mumkin.

Namangan tumanidagi “Nam motor servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining turli xildagi suv nasos dvigatellari, Namangan shahridagi “Orom-Fayz Metall” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlari, Kosonsoy tumanidagi “Spring Pharmaceutic” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiyot vositalari, “Namangan Porloq Ta’mir Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bo‘yoq mahsulotlari  ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Mazkur yarmarka iqtisodiyotni erkinlashtirish, sanoatni jadal rivojlantirish, tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes korxonalari tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga ham xizmat qiladi.

[gallery-13588]

– Namangan viloyatida ham ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, importni optimallashtirish borasida e’tiborga molik ishlar qilindi, – deydi Namangan viloyati hokimligining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari kotibiyati mudiri Rasulxon Yusufxon o‘g‘li Qutbiddinov. – Bugungi kunda viloyatimizda xorijiy investitsiya ishtirokida 132 dan ziyod korxona  va 7900 ga yaqin sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yili 18,2 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 109,4 foizga ta’minlandi. Joriy yilda esa 21 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida ham 2021 yilda 654 milliard so‘mlik va o‘tgan 2022 yil yakunlari bilan esa 1 trillion 373 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va mahsulot hajmi 2,1 barobarga oshirilishi ta’minlandi, mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, viloyatdagi sanoat korxonalarining o‘zaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida elektron sanoat kooperatsiya portali orqali 457,4 milliard so‘mlik mahsulotlar savdosi amalga oshirildi.

– Bundan bir yarim yil avval Namangan shahrining Yangi asr mahallasida foydalanilmay kelinayotgan ikki qavatli binoda ijara asosida tikuvchilik korxonasini tashkil etgan edik, – deydi “Gian Bros textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Abdulaziz Abdullajonov. – Ishni 6 ta ish o‘rni bilan boshlagan bo‘lsak, bugungi kunga kelib, ishchilarimiz sonini 70 nafarga yetkazdik. O‘quvchilar maktab formasi, erkaklar kostyum-shim va kuylaklari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan jamiyatimiz kuniga 100 dona kostyum-shim tayyorlash imkoniga ega. Bu quvvatni kelgusida 500 taga yetkazishni maqsad qilganmiz. Rejalarimiz ulkan, kelgusida “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida aholi bandligini oshirish hamda ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqchimiz. Sanoat yarmarkasida yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan muloqotga kirishib, ular bilan tajriba almashmoqdamiz.  

Ko‘rgazmaning dastlabki kunida hamkorlik memorandumlari imzolanib, mahsulotlar yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzilishiga erishildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari