Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar – davr talabi
11:45 / 2025-04-10

Toshkent shahrida mamlakatimiz iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarish quvvatlarini samarali ishlatish uchun yangi xavfsizlik tizimlarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

"O‘ZLITINEFTGAZ" aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu anjumanning asosiy maqsadi xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash, avariya va jarohat holatlarini tahlil qilish samaradorligini oshirish, shunday holatlar kelib chiqishiga olib keluvchi omillarni aniqlash, amaldagi qonunchilikni chuqur o‘rganish, xavfli ob’ektlarni hisobga olish va ularni identifikatsiya qilish jarayonlariga ilmiy yondashuvni joriy etishdan iboratdir.

Konferensiyada sanoat va yong‘in xavfsizligi, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, bashoratli tahlil hamda robotlashgan tizimlar sohalaridagi ilg‘or texnologiya va yechimlar atroflicha muhokama etildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar, yirik ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mutaxassislari xavflarni kamaytirish, uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, inson omilini minimallashtirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni taqdim etdi. Shuningdek, BIM, VR, neyro-tarmoq texnologiyalari va avtomatlashtirilgan komplekslarni joriy etish istiqbollari ham muhokama markazida bo‘ldi.

"O‘zbekneftgaz" AJ axborot xizmatining qayd etishicha, mazkur anjuman ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish, mutaxassislar, ishlab chiqarish korxonalari hamda ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Ayni paytda texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, xavfsizlik talablari esa tobora oshib borayotgan bir sharoitda, ishlab chiqarishda xavfsizlikni ta’minlash masalasi mamlakatimiz uchun ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, zamonaviy xavfsizlik tizimlarini keng joriy etish, xalqaro tajribalar asosida bilim va ko‘nikmalarni almashish, mehnat unumdorligini oshirish hamda avariyalar ehtimolini kamaytirish yuzasidan amaliy qadamlar tashlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA