Sayxunobod tumanida sanoat tarmog‘ini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘nalishida keng ko‘lamli va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada tuman iqtisodiyoti yangicha sur’at va sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda.
“Farovon” kichik sanoat zonasi bugungi kunda eng quvvatli va istiqbolli investitsiya maskaniga aylanmoqda. Hududda 31 ta yirik investitsiya loyihasida qurilish va montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Har bir loyiha — yangi texnologiya, yangi mahsulot va yangi imkoniyat demakdir.

Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonovning ta’kidlashicha, “Farovon” sanoat zonasi nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, balki aholi uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratadi va mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Hokimning fikriga ko‘ra, har bir korxona tuman iqtisodiyotida yangi bosqichni belgilaydi, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlari va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Eng muhimi, 2026 yilning birinchi yarmida kichik sanoat zonasida 15 ta yangi korxona ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu esa zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, yangi texnologiyalar va mahalliy kadrlar salohiyatining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.


Sayxunobodda amalga oshirilayotgan har bir sanoat loyihasi — Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan “mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish” siyosatining amaliy ifodasidir.
G‘ulom Primov, o‘zA muxbiri