Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Boshqirdiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat, energetika va innovatsiyalar vaziri Aleksandr Sheldyayevni qabul qildi.
Rossiya Federatsiyasi vakili uchrashuvda Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirovning samimiy salom va minnatdorlik so‘zlarini yetkazdi hamda Toshkent viloyatining sanoat va investitsiya salohiyatini yuksak baholadi. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Sheldyayev “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ imkoniyatlariga alohida to‘xtalib, avtomobil ehtiyot qismlari va boshqa sanoat tovarlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar tashkil etish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.


Shuningdek, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish sohasiga investitsiya kiritish, Rossiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari tajribasidan keng foydalanish istagini bildirdi. A.Sheldyayev ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, olimlar va talabalar o‘rtasida almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar berdi hamda O‘zbekiston yoshlarini Boshqirdistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga taklif etdi.


Muloqot davomida Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar borligini bildirdi. Xususan, sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish bilan shug‘ullanayotgan korxonalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Jarayonda Rossiya mutaxassislarini viloyatda dori-darmon ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan shifobaxsh o‘simliklar va asal yetishtirish bilan shug‘ullanishga taklif etdi.


Uchrashuv yakunida tomonlar biznes haftalarini birgalikda o‘tkazish, Toshkent viloyati va Boshqirdiston Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
A.Musayev, O‘zA.