Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat usulida yetishtiriluvchi baliq turlari soni 4-5 tadan 15-20 taga yetkazildi – “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi
13:36 / 2022-12-13

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva ishtirokida brifing tashkil etildi.

Baliqchilik sohasida hosildorlik hajmini oshirishda baliqlarning genofondini yangilab borish hamda sanoat usulida yetishtiriluvchi baliqlar turini ko‘paytirish asosiy vazifalardan biri sanaladi.  

Qayd etilishicha, kamalak forel, tillarang forel, sterlyad osyotr, syomga, losos, klariyev laqqasi, tilyapiya, koya, vetnam va venger karpi kabi yangi baliq turlarining iqlimlashtirilishi natijasida sanoat usulida yetishtiriluvchi baliq turlari soni 4-5 tadan 15-20 taga yetkazildi.  

Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida mahalliy baliqlar genofondini yaxshilash maqsadida Belarus baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlikka asosan institut xo‘jaliklaridan 500 ming dona loxva tangali karp, 100 ming dona nemis yaltiroq karpi, 50 ming dona oq amur va 50 ming dona chipor do‘ngpeshona naslli zot lichinkalari olib kelinib, alohida hovuzlarda o‘stirish ishlari tashkil etildi. Shu bilan birga, institutda yangidan tashkil etilgan yopiq suv aylanma tizimi qurilmalarida 500 dona osyotr, 200 dona tilyapiya va 200 dona afrika laqqasi genofondi yaratilib, hozirda iqlimlashtirish ishlari olib borilmoqda.  

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 15 dan ortiq xo‘jalikda forel baliqlari yetishtirilmoqda. Kelgusida jahonda iste’mol ahamiyati yuqori, eksportbob bo‘lgan, respublikamiz iqlim sharoitiga har tomonlama mos yangi baliq turlarini olib kelish va iqlimlashtirish ishlari davom ettiriladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA