Yangiyo‘l tumanida yil oxirigacha umumiy qiymati 849,7 milliard so‘mlik 54 ta loyihani ishga tushirish hamda 2 ming 305 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.
Xususan, Yangiyo‘ldagi Qirsadoq mahallasida joylashgan “Imperial-granit” mas’uliyati cheklangan jamiyat yaqinda qurilish va pardozlash ishlari uchun tosh, ohaktosh, gips, bo‘r va slanets kabi tabiiy resurslarni qazib olish va qayta ishlash orqali granit mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan majmua to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 50 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Korxonaning ishga tushirilishi hududda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishiga yangi turtki berdi. Bu korxona nafaqat qurilish sohasini sifatli xomashyo bilan ta’minlashga xizmat qiladi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini oshirishga ham munosib hissa qo‘shadi.
[gallery-22825]
– Klaster usulida tashkil etilgan korxonamiz O‘zbekiston bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. – deydi korxona direktor o‘rinbosari Mahmudjon Bozorov. – Tasarrufimizda o‘nga yaqin karerlarimiz mavjud bo‘lib, bugungi kunda yettitasidan faol foydalanamiz. Uchtasida qazilma ishlar olib borilmoqda. Korxonada 250 dan ziyod xodimlar faoliyat yuritadi. Ikki smenada ish tashkil etilgan bo‘lib, yillik quvvat 1,5 million kvadrat metrni tashkil etadi. O‘tgan yili 5 million dollarga yaqin qiymatidagi 45 foiz mahsulot xorijga eksport qilindi. Shuningdek, 20 dan ziyod davlatlardan xomashyo keltiriladi. Bu yildan Amerika va Yevropa davlatlariga granit mahsulotlari eksport qilinadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu korxonada 120 dan ziyod uskunalar mavjud bo‘lib ularning asosiysi Italiya, Turkiya, Xitoy davlatlaridagi ilg‘or texnologiyalardir. Shuningdek, “Tuya-bo‘g‘iz” MFY hududida faoliyat boshlagan “Baby toys” mas’uliyati cheklangan jamiyat bolalar uchun o‘yinchoqlar ishlab chiqaradi.
– 2022 yilda ishga tushirilgan korxona yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bolalarning sevimli o‘yinchoqlarini sifatli va xavfsiz xomashyodan tayyorlashga xizmat qiladi. Yuz nafardan ortiq tuman aholisini ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Ayniqsa, bu yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu bilan birga bolalar o‘yinchoqlari bozorini rivojlantirish, sifatli mahsulotlar taklifini oshirish va hudud iqtisodiyotini yuksaltirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir. Korxona kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va mahsulot turlarini kengaytirishni, shuningdek, mahsulotlarni mamlakatning boshqa hududlariga eksportga yo‘naltirishni maqsad qilgan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Asror Aysalimbekov.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.