Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat tarmoqlarida hamkorlikning istiqboli katta
15:59 / 2025-08-19

OKMKda asr loyihasi deya e’tirof etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishi natijasida yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi, yangi quvvatlarning ishga tushishi uchun asos bo‘ldi. Bu esa qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin bo‘ldi.

Fabrika qurilishi jarayonida Olmaliq shahri va qo‘shni tumanlarda bir qator yangi korxonalar bunyod etildi. Jumladan, OKMK ko‘magida shatakka olish tizimi asosida “Almalyk Quyuv Mexanika Zavodi” MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2022 yilda Olmaliq shahrida tashkil etilgan ushbu korxona tomonidan joriy yilning 7 oyi davomida 68 milliard so‘mlik quyma mahsulotlar ishlab chiqarildi. 

Ushbu korxona bosh muhandisi Maqsud Eshboyevning ma’lum qilishicha, bu yil korxonada bir qator import mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Xususan, korxonada kombinat konlarida foydalaniladigan EKG-15 rusumli ekskavatorlarning kovshlari uchun old devor qismlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur ehtiyot qism mahalliylashtirish dasturi asosida kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda korxonada yuqori legirlangan po‘latdan quyilib, tayyorlanmoqda. 

Hozirda korxonada 50 dan ortiq kon texnika vositalariga ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, 2025 yilda 20 turga yaqin import mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. E’tiborlisi, ularning o‘ndan ortig‘i ilgari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan. Masalan, bu yil 2BC-105 temir yo‘l dumpkari uchun shkvorenli balka, nasos ichki korpuslar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar OKMKga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Korxona rahbari Huseyn Shirinovning ta’kidlashicha, 2022 yilda OKMK bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, shatakka olish tizimi asosida korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, dastlab oyiga 5-10 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirda ishlab chiqarish hajmi deyarli 7 baravarga oshirilgan. 

Mazkur korxona tashkil topgan dastlabki yillari kombinat ko‘magida ishchi-xodimlar mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitilib, tayyorlab berildi. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar import o‘rnini bosmoqda. Korxonaga shu yili Koreyadan keltirilgan yangi energiya tejamkor texnologik uskunalar, termopechlar ishlab chiqarish samaradorligi ta’minlamoqda. 

– Ayni paytda korxonada xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayon samarali amalga oshirilib, unda 170 nafar ishchilar mehnat qiladi. Kelgusida korxona faoliyati kengaytirilib, yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Shu o‘rinda doimo bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan OKMK rahbariyatiga ham tashakkur, – deydi “Almalyk Quyuv Mexanika Zavodi” MCHJ rahbari Huseyn Shirinov. 

Ma’lumot uchun “shatakka olish tizimi” konstruktorlik va texnologik hujjatlarni ishlab chiqish hamda taqdim etish, texnik maslahat va amaliy ko‘mak berish, shuningdek, birgalikda mahsulotlar sifatini talab darajagacha yetkazish ko‘rinishida yangi turdagi import tovarlarni o‘zlashtirish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi mexanizm hisoblanadi. 

A.Musayev, O‘zA.