Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat sohasidagi yirik loyihalar o‘rganildi
09:30 / 2025-10-18

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi yirik sanoat korxonalaridan biri – “REALTEKS QORAKO‘L” MCHJ mahalliy xom ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha katta quvvatga ega. Biroq, so‘nggi yillarda korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari to‘xtab qolgan edi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida korxona negizida ijara asosida “KARAKUL SPINNING” MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tuman hokimi Xurshid Toxirov yangi korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, ishchilarga yaratilgan mehnat sharoitlari va imkoniyatlar haqida suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida ularning fikr-mulohazalarini tinglab, ish samaradorligini oshirish hamda bandlikni kengaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.

Ayni paytda korxona hududdagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Yangi ishlab chiqarish liniyalari ochilishi natijasida tuman xotin-qizlari doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lyapti. Bu esa nafaqat ularning oilaviy farovonligini ta’minlash, balki tuman iqtisodiyotida ayollar faolligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Shuningdek, tuman hokimi Xurshid Toxirov un mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida tumanda yetakchi korxonalardan biri hisoblangan “Sulaymon Fayz” MCHJda ham bo‘ldi.

Korxona bugungi kunda yuqori sifatli un mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni ichki bozorga yetkazib berish hamda eksportga yo‘naltirish borasida samarali faoliyat yuritmoqda. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati bir kunda 90 tonnagacha un tayyorlash imkonini beradi. Ishlab chiqarish sexlari zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, bu mahsulot sifati va ishlab chiqarish samaradorligini oshirmoqda.

Tuman hokimi korxona faoliyati bilan tanishar ekan, ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi hamda ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida u mehnatkashlarga yaratilgan ish va dam olish sharoitlari, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, bandlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Tuman hokimi sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganishini “Xo‘jalar” kichik sanoat zonasida joylashgan “Parvoz Fayz Plus Baraka” tikuvchilik korxonasida davom ettirdi. 

Hokim mehnat qilayotgan chevarlar bilan suhbatlashdi. U yerda xotin-qizlarga yaratilgan qulay mehnat sharoitlari, ish joylarining zamonaviy talablarga mosligi bilan yaqindan tanishdi.

Korxonada 400 nafardan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, sexlar zamonaviy tikuvchilik uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechak mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

– Bugun xotin-qizlarning mehnat bozorida faol ishtirok etishi, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishi, oilalarning farovonligini ta’minlashda eng muhim omillardan biridir. Shuning uchun ham biz ularning bandligini kengaytirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va har bir ayol o‘z salohiyatini namoyon eta oladigan imkoniyatlarni yaratishga alohida e’tibor qaratyapmiz, –deydi Xurshid Toxirov.

Umuman olganda, ushbu loyihalar tumanning iqtisodiy barqarorligi va ijtimoiy farovonligini ta’minlash, sanoat salohiyatini oshirish hamda xalqaro miqyosda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim o‘rin egallaydi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.