Yurtimizda strategik ahamiyatga ega korxonalarda xavfsiz ishlash muhitini yaratish va barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sanoat sohasida texnogen holatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish va mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi rahbarligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Uzbekistan GTL” MCHJ hamda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ faoliyatida sanoat xavfsizligi holatini o‘rgandi.

Tashrif doirasida dastlab “Uzbekistan GTL” zavodida o‘tkazilgan taktik o‘quv-mashg‘ulotlari kuzatildi. Ushbu mashg‘ulotlar korxonada favqulodda holatlar vujudga kelgan taqdirda tezkor harakat qilish, yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish va mas’ul tuzilmalarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli.
Ishchi guruhning keyingi manzili “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ bo‘ldi. Bu yerda mehmonlarga ishlab chiqarish maydonlari, texnologik jarayonlar, xavfsizlik infratuzilmasi va korxonada joriy etilgan nazorat tizimi haqida ma’lumot berildi. Tashrif ishtirokchilari majmuada xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar, texnik nazorat usullari va mehnat muhofazasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, ular korxonada axborot xavfsizligi va kibermuhofaza yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, raqamli boshqaruv tizimlari va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarni ham ko‘zdan kechirdi. Modernizatsiya qilingan avtomatik boshqaruv tizimi va xalqaro standartlarga mos zamonaviy laboratoriya faoliyati islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon etildi.
Tashrif yakunida ishchi guruh sanoat xavfsizligi tizimini yanada mustahkamlash, xavf omillarini kamaytirish va samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA