Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha harakatlar rag‘batlantiriladi
10:31 / 2026-03-03

Hukumat qarori bilan “Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga ta’sirini kamaytirish harakatlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga ta’sirini kamaytirish harakatlari quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:  

1-bosqichda atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini (monitoring stansiyasi) o‘rnatgan sanoat korxonasiga: 

– tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi;

– tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizi 2 yil davomida qaytariladi.

2-bosqichda monitoring stansiyasini o‘rnatgan sanoat korxonasi kelgusi 1 yil davomida chang-gaz va lokal oqova suv tozalash uskunalarini o‘rnatganda, tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizi 2 yil davomida qaytariladi.  

Sanoat korxonasi monitoring stansiyasi, chang-gaz va (yoki) lokal oqova suv tozalash uskunasini o‘rnatgani to‘g‘risida Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz (https://my.gov.uz/))orqali Ekologiya qo‘mitasiga xabarnoma yuboradi.  

Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Ekologiya qo‘mitasi tomonidan xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

O‘rganib chiqish natijasi bo‘yicha sanoat korxonasini rag‘batlantirish to‘g‘risida Ekologiya qo‘mitasining xulosasi rasmiylashtiriladi.

O‘zA