“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ma’lum qilishicha, mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilayotgan ekologik monitoring ishlari tizimli tashkil etilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, ekologik nazoratni kuchaytirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida so‘nggi yillarda qator huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, Prezidentning 2023 yil 31 maydagi farmoniga muvofiq, xavflilik darajasi I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalari belgilangan muddatlarda atmosfera ifloslantiruvchi manbalarni kuzatib borishga xizmat qiluvchi avtomatik o‘lchash stansiyalarini o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatishi shart etib belgilangan.
Shuningdek, 2025 yil 29 oktyabrda qabul qilingan Prezident qaroriga binoan 2026 yil 1 martgacha barcha tegishli korxonalar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini joylashtirib, ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markazi bilan birlashtirishi lozim. Bu talablarga amal qilmagan korxonalarga nisbatan 2026 yil 1 martdan boshlab kompensatsiya to‘lovlari besh baravar ko‘paygan holda qo‘llanilishi belgilangan.
– Hozirgi vaqtda sohadagi islohotlarni amalga oshirish uchun kompleks ishlar olib borilmoqda. Xususan, I toifadagi yirik korxonalarda avtomatik monitoring uskunalarini o‘rnatish jarayoni doimiy ravishda kuzatib borilmoqda. Sement ishlab chiqaruvchi korxonalarda filtr tizimlarini yangilash, chiqindilarni kamaytiradigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha namunali ishlar bajarilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uyushma hamkorligida 42 ta to‘liq siklli sement korxonalarining 23 tasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 24 mingdan ortiq filtr yongichlari va qariyb 2 ming membrana klapanlari almashtirildi.
Ayni holatda 9 ta sement zavodida avtomatik kuzatuv stansiyalari ish faoliyatini boshlagan. Toshkent viloyatidagi “Ohangaronsement” AJ hamda Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Jizzax sement plent” MCHJ hududlarida esa statsionar kuzatuv punktlari tashkil etilgan, – dedi J.Shermetov.
Ta’kidlash kerakki, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir yo‘nalishi korxonalar atrofida “yashil belbog‘”larni barpo etishdir. 2025 yil kuz mavsumida 28 ta yirik sanoat korxonasiga tutash jami 21 gektar maydonda 97 ming 90 tup daraxt ko‘chatlari ekilib, havoga chiqadigan zararli moddalar ta’sirini kamaytirishga xizmat qiluvchi muhim ekologik hududlar yaratildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA