O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini jalb qilish va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
a) Dasturlar doirasida:
tadbirkorlik sub’ektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi - 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi - 2 foiz) stavkada 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan bitta loyiha uchun 10 million AQSH dollarigacha kredit mablag‘lari ajratiladi;
yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan loyihalar hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi - 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi - 2 foiz) stavkada 1 yilgacha muddatga bitta loyiha uchun 2 million AQSH dollarigacha kredit mablag‘lari ajratiladi;
b) tadbirkorlik sub’ektlarining xorijiy huquq egalaridan ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilaridan foydalanish huquqini olish bilan bog‘liq xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;
v) sanoat startaplari - yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga tanlov asosida subsidiyalar ajratiladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi.
Bunda:
xarid predmetini bitta lotga birlashtirish faqat iqtisodiy samaradorlik, texnologik uzviylik yoki ekspluatatsiya xavfsizligi bilan bog‘liq asoslar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi;
mazkur tartib mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga teng va ochiq shartlarda qo‘llaniladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab, byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy xizmat (ish)larga nisbatan taklif etilgan eng past import xizmat (ish)lar narxidan 15 foiz miqdorida preferensiya qo‘llaniladi.
O‘zA