Sankt-Peterburgda maymun chechagi qayd etildi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ikki fuqaroda maymun chechagi kasalligi tasdiqlandi. Bemorlar shahar klinikalaridan biriga joylashtirilgan, shifokorlar ularning holatini o‘rtacha og‘ir, deya baholagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, maymun chechagi virusi asosan kasallangan inson yoki hayvon bilan yaqin muloqot orqali yuqadi. Infeksiya asorati terida og‘ir yallig‘lanish, o‘pka shamollashi (pnevmoniya) hamda qonga infeksiya tushishi – sepsis kabi jiddiy holatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yil yanvardan 2024-yil noyabr oyi oxiriga qadar dunyo bo‘ylab maymun chechagi bilan bog‘liq 117 663 holat ro‘yxatga olingan. Ushbu kasallik bilan bog‘liq eng murakkab epidemiologik vaziyat Afrika qit’asida kuzatilmoqda. Xususan, Kongo Demokratik Respublikasi, Burundi hamda Uganda davlatlarida keng ko‘lamli kasallanish holatlari aniqlangan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA