Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sankt-Peterburg politexnika universiteti delegatsiyasi SamDUda...
07:25 / 2023-04-05

Samarqand davlat universitetida Sankt-Peterburg politexnika universiteti rektori Andrey Rudskoy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik masalasini batafsil muhokama qilishdi. Xususan, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, texnika va texnologiya sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha sheriklikni kengaytirish, talaba va magistrlar uchun yozgi maktab dasturlari tashkil etish, shuningdek, muhandislik fizikasi yo‘nalishida ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilarga Sankt-Peterburg politexnika universiteti olimlaridan ilmiy rahbar tayinlash kabi qator amaliy takliflar ilgari surildi. 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik shartnomasi va tegishli yo‘l xaritasi imzolandi.

- Ilm-fan sohasidagi har qanday hamkorlik zamirida ezgu maqsad yotadi, - deydi SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov. bugungi jadal rivojlanayotgan davr texnika, tabiiy fanlar, raqamli texnologiya kabi muhim sohalarni rivojlantirish dolzarb ekanini ko‘rsatyapti. Bizning oliy o‘quv yurtimizda fundamental fanlar bo‘yicha tadqiqot olib borish uchun yetarli imkoniyat, ilmiy salohiyat mavjud. Shu bilan birga texnika, raqamli iqtisodiyot, muhandislik fizikasi kabi yo‘nalishlarda xalqaro miqyosda tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Sankt-Peterburg politexnika universiteti bilan hamkorlik ilm-fan orqali barqaror rivojlanish uchun asos bo‘la oladi.

Universitet huzuridagi Muhandislik fizikasi institutida “O‘zbekistonda politexnika” ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, SamDU va Sankt-Peterburg politexnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan ilmiy-o‘quv texnologik markazning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari “LabVIEW” tizimi yordamida o‘lchovni avtomatlashtirish” virtual laboratoriyasi hamda “KAWASAKI” robot qo‘lini masofadan boshqarish jarayonini kuzatib, 3D usulda bosib chiqarish jarayoni bo‘yicha amaliy mashg‘ulotda qatnashdilar.

– Samarqand va Sankt-Peterburg shaharlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqa, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalaridagi barqaror hamkorlik chuqur tarixiy ildizga ega, – dedi A.Rudskoy. – Ilm-fan yo‘lidagi munosabatga hech qanday chegara va masofa ta’sir qilmasligini tarixning o‘zi isbotlagan. bugungi tarixiy sanada do‘stona munosabatimizning yangi davri boshlanmoqda. Ikki universitet hamkorligida tashkil etilgan ilmiy-o‘quv texnologik markazi o‘zaro do‘stlikning amaliy ifodasidir. Samarqand davlat universiteti o‘zining yuqori ilmiy salohiyati, barqaror rivojlanish strategiyasi bilan dunyoda alohida nufuzga ega. bugungi tashrif davomida ikki tomon uchun ham birday manfaatli masalalar yuzasidan gaplashib oldik. Ishonchim komilki, mazkur kelishuvlar yetuk, salohiyatli muhandis kadrlar tayyorlash sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi.

Sankt-Peterburg politexnika universiteti muhandislik maktabi tomonidan korporativ boshqaruv, inson resurslarini strategik boshqarish, ilg‘or materiallarni qayta ishlash texnologiyasi, suv o‘tlari amaliy biotexnologiyasi kabi yo‘nalishlarda tashkil etilgan o‘quv dasturida qatnashgan bir guruh tadqiqotchi, talaba va o‘qituvchilarga tegishli guvohnoma va sertifikatlar topshirildi.

- Oxirgi 2 yil ichida kafedramizning Sankt-Peterburg politexnika universiteti bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, deydi Genetika va biotexnologiya kafedrasi mudiri Gavhar Dushanova. Hozir o‘simliklar va tibbiyot biotexnologiyasi, biofizika, nano biotexnologiya yo‘nalishlarida bir necha magistrimiz Sankt-Peterburgga tahsil olish barobarida muhim mavzularda tadqiqot olib bormoqda. Joriy yil mart oyida amaliy biotexnologiya, suv o‘tlari biotexnologiyasi va bu o‘simlik tarkibidagi faol moddalarni laboratoriya tahlili usulida o‘rganish yo‘nalishida 6 talaba va 7 nafar magistrimiz Sankt-Peterburg politexnika universiteti tomonidan tashkil qilingan maxsus o‘quv dasturida ishtirok etdi. Oliy ta’lim dargohlari o‘rtasidagi bunday aloqa ikki tomon uchun ham muhim. Universitet mas’ullari bilan kechgan uchrashuvlarda kafedra doktorantlarini stajirovkaga yuborish bo‘yicha muhim masalalarni kelishib oldik.

Iroda BEKMURODOVA,

SamDU axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV (surat)