French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Maxsus komissiyaga qanday takliflar berdi?
16:02 / 2021-04-17

17 aprel kuni poytaxtimizda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Maxsus komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev mamlakatimiz hududida koronavirus pandemiyasiga qarshi choralarni davom ettirish va infeksiya kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida quyidagilarni taklif qildi:

1. Barcha joylarda niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish tadbirlari nazoratini IIV, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya xizmati, mahalla posbonlarini jalb qilgan holda kuchaytirish va aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan keskin choralar ko‘rish;

2. Zaruriyat bo‘lmaganda mamlakatimiz fuqarolariga chet mamlakatlarga chiqishni cheklash, chetdan kirib kelishda PZR tekshiruvi “manfiy” ekanligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim qilish;

3. Ommaviy va boshqa turli yig‘inlar ishtirokchilar sonini chegaralagan holda tashkil etilishi nazoratini kuchaytirish;

4. Hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosasiga ko‘ra, koronavirus aniqlangan har bir maktabgacha ta’lim, umumta’lim, kollej-litsey va oliy o‘quv yurtlarida o‘quv va tarbiya tizimini “onlayn” tizimga o‘tkazish va karantin muddati tugagandan keyin qaytadan “oflayn” tizimga o‘tish amaliyotini tatbiq etish;

5. Masjidlarda namoz tadbirlarini chegaralash, jamoa bo‘lib namoz o‘qishda, shuningdek, ramazon oyi munosbati bilan kechki tarobeh namozlarida yopiq inshootlardan foydalanmaslik va masjidning ochiq havodagi maydonlarida oraliq masofani saqlagan holda jamoa namozlarini tashkil etish hamda xavf guruhiga mansub 65 yosh va undan kattalar, shuningdek, yosh bolalar, maktab o‘quvchilarining ushbu tadbirlarda ishtirokini taqiqlash va iftorlik marosimlarini faqat oila davrasida o‘tkazilishini belgilash tavsiya etiladi;

6. Jamoani yig‘ib o‘tkaziladigan majlislar va yig‘ilishlarni keskin kamaytirish va VKA tizimiga o‘tkazish.

7. Bir paytning o‘zida onlayn va oflayn o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlar avvaldan rejalashtirilgan bo‘lsa, u holda bu kabi simpoziumlar, s’ezdlar, konferensiyalarni anjuman o‘tkaziladigan zal xajmining 50 foizdan kam qismini to‘ldirgan holda, tez-tez tanaffuslar uyushtirish orqali xona havosini yangilash asosida o‘tkazish tartibini joriy qilish.

8. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkilot, korxona, muassasalarda, savdo majmualari, ko‘ngilochar muassasalar kirish qismida termometriya/pirometriya hamda qo‘llarni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish amaliyotini tatbiq etish;

9. Jamoat transportlari sig‘imining 50 foizi miqdorida yo‘lovchilar tashishiga erishish, ushbu maqsadda yo‘nalishli transport vositalar sonini oshirish hamda oxirgi bekatda dezinfeksiya-tozalash ishlari amalga oshirilishini talab qilish;

10. Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda karantin qoidalarga qat’iy nazoratni amalga oshirish, shu jumladan, dezinfeksiya tadbirlarini muntazam ravishda yo‘lga qo‘yish;

11. Kasallik aniqlangan hollarda bemorni muloqotidagilari bilan ishlash tizimini kuchaytirish, birlamchi tibbiy bo‘g‘in muassasalari tomonidan karantinga olingan fuqarolar va ular oilasidagilarning kunlik tibbiy nazoratini kuchaytirish;

12. Aniqlanayotgan kasallanishlarning 70 foizi uydagi muloqotda yuqayotganligi hamda bemorlarning 50 foizidan ko‘prog‘i uy sharoitida davolanayotganligini inobatga olib, har bir kasallik o‘chog‘ida, shuningdek, uy sharoitida davolanishga olinganlarning xonadonlarida karantin qoidalariga rioya qilishlari ustidan IIV, Milliy gvardiya, Mahalla faollari tomonidan kuzatuvga olish tartibida qat’iy nazoratini o‘rnatish tavsiya etiladi.

O‘zA