Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatish qamrovi yanada oshadi
21:15 / 2023-08-30

Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yilligi bayrami arafasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatiga 18 dona “Isuzu” rusumli maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va uning Jizzax viloyati boshqarmasi, davlat xususiy sherikchilik (DXSH), sanitar tozalash korxonalari rahbar va xodimlari hamda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.  

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha jabhalarda o‘zining ijobiy samaralarini berayotgani, fuqarolar sog‘ligini saqlashda ekologiya va atrof-muhit musaffoligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishi, aholi toza, obod mahallalarda yashashi va ularga qulayliklar yaratish soha xodimlarining oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.  

Viloyatda bugungi kunda 4 ta sanitar tozalash korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ular aholi va yuridik korxonalarga namunali sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatmoqda. “Toza hudud” davlat unitar korxonasi (DUK), “Eko sfera”, “Toza eko hudud” mas’uliyati cheklangan jamiyat(MCHJ)lari hamda “Eko Haus” MCHJ klasteri shular jumlasidandir.  

Joriy yilning 1 avgust holati statistik ma’lumotlariga ko‘ra Jizzax viloyatida aholi soni 1 million 476 ming 200 nafarni tashkil etgan. Sanitar tozalash korxonalari tomonidan 1 million 155 ming 511 nafar aholi qamrovga olingan. Xizmat ko‘rsatish qamrovi 76 foizni tashkil etadi.  

Bugungi kunda viloyatning 10 ta tumani hududidagi 746 mingdan ortiq aholi va 9 ming 813 ta yuridik korxona bilan shartnomalar tuzilib, sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan viloyatga jami 31 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan bugungi kunda 18 dona “Isuzu” rusumli 12 metrokublik maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar topshirildi. Joriy yil oxirigacha yana 13 dona xuddi shunday avtotransport vositalarini olib kelib topshirish nazarda tutilmoqda.  

[gallery-13355]

– Ushbu maxsus texnikalar DXSH korxonalariga, jumladan, “Eko sfera” MCHJga 17 dona “Toza eko hudud” MCHJ ga 1 dona texnikalar ajratilib korxonalarga 10 yil muddatga lizing asosida imtiyozli davr bilan berildi.    

–Ushbu texnikalar 1 million 613 ming yoki har bir maxsus avtotransport vositasi 91 ming 200 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ga lizing asosida xarid qilindi, – deydi “Eko sfera” MCHJ direktori Bunyod Saribayev.  

– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 noyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi  qarori ijrosi doirasida respublikamiz bo‘yicha 112 million AQSH dollar mablag‘ jalb etilib, 300 dona “Isuzu” rusumli 12 metrokublik maxsus chiqindi tashuvchi avtotransport vositalarini tarqatish rejalashtirilgan. Ushbu maxsus texnika vositalari chiqindilarni saralash, yuklash, tashib ketishga ixtisoslashgan Yaponiya texnologiyalari asosida o‘zimizda ishlab chiqarilgan va chiqindi bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish uchun barcha operatsiyalarni bajarish imkoniyatiga ega. Vazirligimiz faqat maxsus avtotransport vositalarini tarqatish bilan cheklanib qolmoqchi emas, balki chiqindilarni qayta ishlash, ekologiya va atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, aholi salomatligiga putur yetkazayotgan ekologik noxushliklarni oldini olish borasida ulkan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan, – deydi respublika Sanitariya markazi direktori o‘rinbosari Vohid Husanov.  

– Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) hamda Jizzax viloyati hokimiligi o‘rtasida imzolangan qo‘shma Memorandumga asosan qiymati 6 million 600 ming AQSH dollari miqdoridagi grant va 90 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari loyihasi asosida viloyatdagi shahar va tumanlarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash ko‘chma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarda zamonaviy talablarga javob beradigan chiqindixonalarni qayta qurish ishlarini amalga oshirish belgilangan, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov. – Ushbu loyiha doirasida birinchi bosqichda Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlari barpo etiladi. Jalb etilayotgan mablag‘lar hisobidan 3 ta sanitar talablarga javob beradigan qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksi hamda Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi quriladi.  

Jizzax viloyatining 10 ta tuman hududlarida yashovchi aholi va yuridik korxonalarga sifatli sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilishi chiqindilarni barqaror boshqarish uchun yil oxirigacha biriktirilgan hududlardagi qolgan 140 ming 399 nafar aholi hamda 3 ming 400 ga yaqin yuridik korxona qo‘shimcha qamrovga olinadi.  

Muxtasar qilib aytganda, sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilishi qamrovi darajasi 2026 yilga borib 100 foizga  yetkazilishi rejalashtirilgan.  

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA