Surxondaryo viloyatidagi maftunkor sharsharasi bilan olamga mashhur Sangardak qishlog‘ida Avstriyaning "INPUT Projektentwicklungs-GmbH" kompaniyasi ishlab chiqqan loyiha asosida yana bir zamonaviy turistik maskan qurilishi boshlandi.
Go‘zal tog‘lar qo‘ynidagi 16 gektar maydonda qad rostlaydigan loyiha hududning relefi, tabiiy landshafti va tog‘li-rekreatsion imkoniyatlarini e’tiborga olgan holda ishlab chiqilgan. U funksional va ekologik jihatdan maqbul yechimlarni o‘z ichiga oladi.


Prezidentimizning 2024 yil 16 dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq 615 gektar maydonda bunyod etilayotgan "Sangardak" turistik markazi qurilishi uchun 913 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi mo‘ljallanmoqda.


Tajribali mutaxassislar ishlab chiqqan master-rejaga ko‘ra, turistik markaz tarkibida 21 ta restoran, kafe va bar, 296 ta savdo nuqtasi, 4 ta uch yulduzli va 2 ta besh yulduzli mehmonxona, 10 ta mehmon uyi, sanatoriy, madaniy hordiq maskani, 1,6 kilometr uzunlikdagi dor yo‘li, ziplayn trassasi va piknik hududlari qurilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda loyihalarni amalga oshirish uchun tanlangan yer maydonlari bosqichma-bosqich auksion savdolariga chiqarilmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri