Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanepidqo‘mita faoliyati tahlil qilindi
16:05 / 2024-07-31

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2024 yilning ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev bemorlardan olinayotgan namunalar Qo‘mitaning hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘rganilmayotganini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.  

Yuqumli kasalliklar shifoxonalari faoliyati haqida so‘z yuritilib, yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda aniq tashxis qo‘yishga jiddiy e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilindi.  

Tahlillarni tekshirish uchun ozuqaviy muhit zaxirasini yaratish zarurligi aytilib, hududlardagi tuman Tibbiyot birlashmalarining Yuqumli kasalliklar bo‘limlari tahlillarni Qo‘mitaning bo‘limlariga yuborishi kerakligi bo‘yicha topshiriq berildi.  

Mavjud kamchiliklarning oldini olish, xizmat sifatini yaxshilash maqsadida yuqumli kasalliklarni nazorat qilish elektron platformasi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.  

Shuningdek, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyevning 2022 yil 16 maydagi «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarori doirasida amalga oshirilgan tadbirlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan ma’ruzasi tinglandi.  

Hujjat ijrosi doirasida 2024 yil 10 iyun holatiga ko‘ra, aholining 1 million 43 ming 907 nafari (92,8 foizi) virusli gepatitning V turiga skriningdan o‘tkazilgan. Virusli gepatitning S turiga esa 1 million 44 ming 633 nafar (92,9 foizi) shaxs skriningdan o‘tkazilgan.  

Hay’at yig‘ilishida Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘limlari, bo‘linmalari tomonidan atrof-muhit (suv, havo, tuproq) monitoringi borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

Qayd etilishicha, mahalliy sharoitlarning o‘ziga xos xususiyatlari va atrof-muhitni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan moddalar hisobga olinmayapti. Reja bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari mutaxassislar tomonidan tahlil qilinmayapti. Atrof-muhit ob’ektlarining haqiqiy ifloslanishini aniqlash bo‘yicha namuna olish joylari to‘g‘ri tanlanmagan.  

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlar reja grafik ishlab chiqishi va natijasi bo‘yicha 1 oy muddatda hisobot berish topshirig‘i berildi.  

Hay’at yig‘ilishida tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarini tashkil etish, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.  

Mohigul Qosimova,  

O‘zA