Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Saneg” Italiyaning “CGC Lubricants Italy” kompaniyasini sotib oldi
18:45 / 2024-02-15

Sanoat energetika guruhi (Saneg) Italiyaning yuqori sifatli avtomobil va sanoat moylari hamda moylash materiallari ishlab chiqaruvchi – “CGC Lubricants Italy S.P.A” kompaniyasini sotib olganini e’lon qildi. Bu haqda “Saneg” kompaniyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu xarid orqali “Saneg” Yevropa bozorida o‘z o‘rnini sezilarli darajada kengaytiradi va moylash sanoatida texnologiya yetakchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Bundan tashqari, “CGC Lubricants Italy” kompaniyasi O‘zbekistonda yetakchi texnik moylar ishlab chiqaruvchi “Saneg” kompaniyasining “SEG Motol” sho‘’ba korxonasi bilan strategik hamkorlik shartnomasini ham tuzdi. 

Unga asosan kompaniyaning “CGC Lubricants Italy” nomi “SANEG OIL ITALY S.P.A.”ga almashtirildi. 

“Saneg” boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilovning fikriga ko‘ra, bunday yangilik kompaniyaning biznesni kengaytirish strategiyasidagi muhim bosqich hisoblanadi. Ikki kompaniya o‘rtasidagi sinergiya “Saneg”ning Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytiribgina qolmay, balki uning O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi moylash materiallari sanoatining texnologik yetakchisi sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi. 

Bugungi kunda kompaniyada ishlab chiqarish jarayonlari yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘lib, 200 dan ortiq turdagi moylash materiallarini samarali va izchil ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Shuningdek, “Saneg” kompaniyasi Italiya, Fransiya, Ispaniya va Portugaliyada har yili 26 ming tonnagacha mahsulot yetkazib beriladigan keng distribyutorlik tarmog‘iga kirish orqali Italiya va Yevropa moylash materiallari bozorida salmoqli ulushga ega bo‘ladi. 

O‘z navbatida, “CGC Lubricants Italy” kompaniyasi FNQIZ uchun yuqori texnologiyali mahsulotlarning strategik yetkazib beruvchiga aylanadi va shu orqali O‘zbekiston hamda undan tashqaridagi bozorlarga uzluksiz mahsulot yetkazib berilishini ta’minlaydi. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA