Qozon shahrida joylashgan Tatar davlat akademik teatri sahnasida “Sands of Time” nomli konserti bo‘lib o‘tdi. Ushbu dastur nafaqat musiqiy tadbir, balki ikki mintaqa o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning muhim ramziy voqeasi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Maestro Alibek Kabduraxmanov rahbarligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va ijodiy yo‘li xalqaro sahnalarda iz qoldirgan “Richter Trio” guruhi kechada o‘ziga xos badiiy uyg‘unlik yarata oldi.
Konsert O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Tatariston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Bu ikki jamoa hamkorligi keyingi yillarda jadal rivojlanib, xalqlarimiz madaniyatlari o‘rtasidagi muloqot va umumiy ijodiy dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Anjuman Qozon shahrida uyushtirilishi ham bejiz emas: bu kent tarixiy voqealarga boy, ko‘p millatli, turli sivilizatsiyalarni birlashtirib turgan yirik madaniy markaz sifatida shunday nufuzli loyihalar uchun munosib maydon hisoblanadi.
“Sands of Time” tashabbusi, aslida, san’at va tarix haqida mulohaza yuritish, zamonaviy musiqa vositasida vaqt oqimi va madaniy qarashni talqin qilishga undaydigan musiqiy loyiha. Mazkur dastur 2023 yil Berlinda yirik ko‘rgazma ochilishi arafasida ilk bor namoyish etilgan va o‘shandayoq o‘ziga xos konseptual yondashuvi bilan keng omma e’tiboriga tushgan. Keyinchalik esa Toshkentdan Londongacha, Parijdan Tokiogacha bo‘lgan jahon madaniy markazlarida tinglovchilarni rom eta oldi.
Qozondagi ijroni ajratib turgan asosiy jihat — bu gal dastur kengaytirilgan, xorial uslubda taqdim etilgani. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi huzuridagi xor jamoasi qo‘shilishi orkestr ovozini yanada boyitib, musiqiy to‘qimani mukammallashtirgan.
— Xor kompozitsiyaga monumental ruh baxsh etib, asarning his-hayajon kuchini oshirgan va ko‘p qatlamli simfonik tasavvur hosil qilgan, — dedi Alibek Kabduraxmanov. — Musiqa dam tarixiy sahna to‘lqini, dam inson xotirasidagi vaqt qatlamini badiiy talqin etib, tinglovchini sinematik hissiyotga yaqinlashtiradi.
— Dirijyorning orkestr bilan ishlash uslubi, har bir detalni aniq his etish qobiliyati va interpretatsion madaniyati dasturda yana bir bor namoyon bo‘lgan, — deydi Tatariston madaniyat vaziri Iroda Ayupova. — U orkestrning o‘zgaruvchan dinamikasi, Rixter musiqasidagi nafosat va dramatizm o‘rtasidagi muvozanatni chuqur his etib, ijroni yangi badiiy bosqichga olib chiqqan.
Konsert tadbiri shunchaki bir kechalik voqea bo‘lib qolmadi, balki ikki mamlakat madaniy muloqoti ifodasi sifatida O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining o‘ziga xos targ‘ibotiga aylandi.
Qayd etish kerak, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi so‘nggi yillarda milliy musiqamiz, tarixiy merosimiz va zamonaviy ijodiy yo‘nalishlarni jahon sahnasiga olib chiqish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. “Sands of Time” ana shu global jarayonning muhim bosqichidir.
Qozon ham bunday tadbirlar uchun juda mos. Har xil millat vakillari ahil yashaydigan, turli diniy an’analar uyg‘unlashgan bu shaharda musiqaning madaniyatlarni birlashtiruvchi kuchi yanada yorqin ko‘zga tashlanadi. Tarix va zamonaviylik bir nuqtada kesishadigan Qozon sahnasida sado bergan ushbu hodisa ikki xalqni ruhan yanada yaqinlashtirdi.
Shu tariqa “Sands of Time” konserti nafaqat badiiy jihatdan yuksak namoyish, balki madaniy muloqotning yangi bosqichi sifatida ham esda qoladigan voqeaga aylandi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri,
Qozon, Tatariston (Rossiya)