Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’atshunosning ustozga bag‘ishlagan kitoblari taqdimoti
16:04 / 2025-03-17

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi Azamat Hotamovning “Chiziqdan shaklgacha” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi doirasida san’atshunos Normurod Negmatovning “Ustozga bag‘ishlangan beshta konseptual kitob taqdimoti” o‘tkazildi. 

Azamat Hotamov 1952 yil 14 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tug‘ilgan. Bolaligidan san’atga qiziqib, keyinchalik I.Repin nomidagi Leningrad rassomlik, haykaltaroshlik va me’morchilik institutida tahsil olgan. 1981 yili institutni tamomlab, O‘zbekistonga qaytadi. So‘ng ijodiy faoliyatini davom ettirib, gips, shamot va bronzadan haykallar yaratadi. Asarlari O‘zbekiston davlat san’at muzeyida, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasida, Sharq muzeyida, Tretyakov galereyasida va dunyo bo‘ylab xususiy to‘plamlarda saqlanmoqda. Hozirda ijodkor Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti haykaltaroshlik kafedrasida talabalarga saboq beradi. San’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun u O‘zbekiston Badiiy akademiyasining kumush va oltin medali bilan taqdirlangan.

[gallery-22299]

A. Hotamov san’atining markaziy mavzularidan biri – ayol obrazi. Uning asarlarida ayol siymosi nafis va plastik chizgilar orqali tasvirlanib, mehr-muhabbat va hurmat tuyg‘ularini ifodalaydi. Har bir haykaltaroshlik asarida o‘ziga xos bir tilsimot yashiringan, ko‘rinmas, ammo sezilarli, xuddi nozik musiqiy ohang singari. 

O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida o‘tkazilgan kitoblar taqdimoti g‘oyat qiziqarli o‘tdi. 

Ilk to‘plam uch kitobdan iborat bo‘lib, “Chiziqdan shaklgacha” deb nomlanadi. Har bir kitob alohida g‘oya asosiga qurilgan. Birinchi kitob A. Hotamovning asarlariga kompozitsiyalarni qanday qurilishini chuqur tahlil qiladi. Ikkinchi kitobda ijodkor ishlarida portret obrazining o‘ziga xosligi o‘rganiladi. Uchinchi kitob akademikning nyu janridagi asarlariga bag‘ishlangan. 

Yana bir to‘plam “Timsol” deb nomlangan. Unda Azamat Hotamov va samarqandlik yosh rassom Ozod Negmatov bilan bo‘lgan ijodiy suhbat jarayoni fotointervyu sifatida yozib, nashr ettirilgan. 

Taqdimotda so‘z olgan taniqli rassomlar Lekim Ibrohimov, Alisher Mirzayev, Bahodir Jalolov va san’atshunos Kamola Oqilova Azamat Hotamov ijodiga oid o‘z fikr va qarashlarini bayon etdi.

Ijodiy uchrashuvga tashrif buyurganlar Azamat Hotamovning ijodiy yo‘li, san’atga bo‘lgan qarashlari va haykaltaroshlik asarlarini yaratish jarayoni bilan tanishib, “O‘zmilliybank” AJ Tasviriy san’at galereyasi to‘plamidagi hamda muallif tomonidan taqdim qilingan asarlardan tashkil topgan ko‘rgazmadan bahramand bo‘ldi.

Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA