Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sanatoriya ochgan tadbirkor
23:13 / 2024-01-29

O‘zbekistonda aholining 17 milliondan ziyod qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Tadbirkorlikda ayollarning ulushi esa kichik biznes vakillari umumiy sonining 25 foiziga teng. Ushbu yo‘nalish oldida turgan ustuvor vazifalardan biri tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida xotin-qizlar ulushini 40 foizga yetkazishdir. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunga “Jamshid” xususiy firmasi sog‘lomlashtirish sanatoriyasi rahbari, O’zLiDeP Sirdaryo tuman Kengashi faoli, tadbirkor Zuhra Subhanovaning faoliyatini misol qilib keltirish mumkin.

Sanatoriya 1974 yili tashkil topib, 1996 yilda davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiy firmaga berilgan. 2001 yildan boshlab “Jamshid” xususiy firmasi sog‘lomlashtirish sanatoriyasi  o‘z faoliyatini boshlagan. Hozir sanatoriyada umurtqa pog‘onasi churralari, otexondrozlar, bo‘g‘imlar, artirozlar, artritlar va sinovitlar, nevrologik, asab toliqishi, insultdan keyingi holatlar, radikulitlar, oshqozon - ichak, surunkali gastrit, 12 barmoqli ichak yara va surunkali xolistitlar, ginekologik kasalliklar davolanadi. Shuningdek, massaj, har xil davolovchi toklar, mineral suvli dush va vanna, parafin, shifobaxsh balchiq, sandal, kedrli bochka (mini sauna), xijoma, zuluk, xitoycha igna sanchish muoalajalari yo‘lga qo‘yilgan.

– 2001 yili ishlamay yotgan sanatoriya binosi kim oshdi savdosiga qo‘yilganini ko‘rib, “Jamshid” xususiy firmasiga shartnoma asosida 3 yil davomida to‘lab berish sharti bilan sotib oldik. Boshida 2 ta xonani ta’mirlab, ish boshladik. O‘zim va 1 nafar hamshira bilan bemorlarni qabul qilardik. Keyinchalik yuqori qavatlarini ham ishga tushirib, bino xonalarini yumshoq va qattiq mebellar hamda turli jihozlar bilan to‘ldirdik. Hozirgi kunda 25 nafar ishchi o‘rni yaratilgan, – deydi “Jamshid” sanatoriyasi  rahbari Zuhra Subhanova.

Sanatoriyada O’zLiDePning boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etilgan bo‘lib, unda a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, loyihalar va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib turiladi. O‘tgan 2023 yil davomida 2048 nafar bemor davolanib, shifo topgan. Jumladan, 1-guruh nogironi, yolg‘iz keksalar va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 20 nafarga yaqin bemor bepul davolangan.  

Sanatoriyaga nafaqat respublikamiz, balki qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston  Respublikalari fuqarolari ham kelib dam olib, davolanishadi. Bu yerda bemorlarga bo‘lgan muomala madaniyati, samimiy e’tibor, xodimlarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi yuqori darajada tashkil etilgan.  

Tadbirkor kelajakda shifo maskani faoliyatini yanada rivojlantirib, jahon standartlariga javob beradigan so‘lim  bir maskanga aylantirishni va yana yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri