Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
San’atkorlar harbiylar huzurida
11:19 / 2024-04-15

Surxondaryo viloyatida ijodiy safarda bo‘lgan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada simfonik orkestri san’atkorlari Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida qiziqarli konsert dasturini namoyish etdi.

Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish uchun teatr, sirk va konsert-tomosha tashkilotlari jamoalari yurtimizning olis va chekka hududlarida ham o‘zlarining qiziqarli dasturlarini taqdim etmoqda.  

Kakaydi garnizonidagi harbiy qismning muhtasham madaniyat markazida tashkil etilgan konsert dasturida Vatanimiz posbonlari va ularning oila a’zolari, muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.  

– Suyukli san’atkorlarimizning konsert dasturini oilaviy tomosha qilib, madaniy hordiq chiqardik, - deydi podpolkovnik Bobur Qo‘shmatov. - San’atkorlar ijrosidagi nafis kuy-qo‘shiqlar farzandlarimizga ham bir olam quvonch bag‘ishladi. Harbiy qismlarda ham bunday konsert-tomoshalarning o‘tkazilishi bizning madaniy hordiq chiqarishimizni ta’minlash barobarida yoshlarda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlab, ularni tinch-totuv hayotning qadriga yetishga undaydi.    

Orkestr jamoasi dasturidan o‘rin olgan ona Vatan, tinch, obod hayot, farovon turmush va sevgi-muhabbat, jasorat, yurtga sadoqat madh etilgan kuy-qo‘shiqlar tomoshabinlarga o‘zgacha zavq ulashdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri