Keyingi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy madaniyat va san’at rivojiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor jahon miqyosida ham e’tirof etilmoqda.
Bu jihatlar dunyoning turli mamlakatlarida yuqori saviyada, baland ruhda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi madaniyati kunlarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida Moskva shahridagi “Russkaya pesnya” davlat musiqiy teatrida O‘zbekiston Respublikasi san’at ustalari ishtirokida gala-konsert o‘tkazildi. Unda “Navro‘z” ashula va raqs ansambli, “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari davlat kamer orkestri, O‘zbekiston xalq artistlari Gulsanam Mamazoitova, Mahmud Namozov, Samandar Alimov, shuningdek, Mohichehra Shomurodova, Shirin Mamatova, Dilmurod Sultonov, Bobur Kenjayev singari san’atimiz yulduzlari milliy qo‘shiqchiligimizning eng nodir namunalarini rossiyalik ixlosmandlarga taqdim etmoqdalar.

Rossiyalik san’atsevarlar esa O‘zbekiston madaniyati va san’ati nechog‘lik rang-barang, go‘zal va betakror ekaniga, yangilanayotgan Vatanimizda ushbu sohaga e’tibor davlat siyosati darajasiga olib chiqilganiga guvoh bo‘lmoqdalar.

Aytish joizki, bu kabi konsert dasturi Sankt-Peterburgning Mariinsk teatri konsert zalida ham o‘tkazilishi kutilmoqda. Musiqiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligi mutasaddilari hamkorlikning yangi qirralarini belgilab olmoqdalar.
N.Usmonova, O‘zA