Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish, madaniy-ommaviy tadbirlar va festivallarni tashkil etish, yosh ijrochilarning davlat tadbirlarida ishtirokini ta’minlash hamda ijodkor yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlariga mas’ul bo‘limlar faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan iqtidorli yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda madaniyat vazirligining mas’ul boshqarma boshliqlari, institut rektori Eldor Shermanov, Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Davron Sheraliyev, shuningdek, institut talabalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida iqtidorli yoshlar – maqom, baxshichilik va an’anaviy ijro yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlar o‘z ijodiy g‘oyalari, taklif va savollari bilan murojaat qildi.

Bahodir Ahmedov yoshlarning har bir murojaatini tinglab, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish va davlat tadbirlarida keng ishtirok etishi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidladi.

– San’atga odam uy quraman, mashina olaman, boylik orttiraman deb kelmaydi, – dedi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. – San’atga inson mehr bilan kiradi. Daromad izlab kelgan san’atkor adashadi. Milliy san’atimizga — mana shu dargohdagi darslarga shijoat va mehr bilan kirilsa, ana shundagina ijodkorning ismi tarixda abadiy qoladi. Chunki shijoat va mehr bilan qilingan har bir amal abadiy yashaydi.

Uchrashuv davomida institut rektori Eldor Shermanov iqtidorli talabalar bilan birga O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti tomonidan amalga oshirilayotgan yangi tashabbus — “Maqom karvoni” loyihasini taqdim etdi.
Ushbu loyiha yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, maqom san’atini keng targ‘ib qilish va hududlar kesimida mahorat saboqlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgani bilan ahamiyatli.
Tadbir yakunida so‘nggi yillarda o‘z ijodiy mehnati, tashabbusi va faoliyati bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
N.Usmonova,
O‘zA